Sog‘liqni saqlash sohasida parlamentlararo hamkorlik va ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Tanzaniyaning Arusha shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi tashkilotning Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi yig‘ilishlari hamda ruhiy salomatlik masalalariga bag‘ishlangan seminarda ishtirok etdi.
Qo‘mita faoliyati to‘g‘risidagi hisobot muhokamasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Oral Ataniyazova qatnashdi.
Xalqaro moliyalashtirish hajmi qisqarayotgan sharoitda reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Ushbu sohalardagi dasturlarning barqaror amalga oshirilishini ta’minlash uchun qonunchilik asoslarini mustahkamlash va byudjetdan moliyalashtirishni ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Qo‘mita tomonidan tashkil etilgan «Hamkorlar bilan muloqot» uchrashuvi Oral Ataniyazova raisligida o‘tkazildi. Unda qo‘mita a’zolari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamda boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ayollar salomatligini muhofaza qilish, jinsiy va reproduktiv salomatlik hamda huquqlarni ta’minlash, OIV/OITSning oldini olish, aholining zarur tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘smirlar salomatligi, xususan, ularning reproduktiv salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratildi.
O.Ataniyazova O‘zbekistonda aholiga sifatli va qulay tibbiy xizmat ko‘rsatish, sohani raqamlashtirish, ayollar salomatligini muhofaza qilish va reproduktiv huquqlarni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Mazkur yo‘nalishlarda qabul qilingan tizimli dasturlar hamda aholining tibbiy xizmatlardan teng va to‘siqlarsiz foydalanishini ta’minlashga qaratilgan birlamchi tibbiy yordam tizimidagi islohotlarga to‘xtaldi.

Xalqaro hamkorlarning tajriba va takliflari asosida sog‘liqni saqlash sohasida parlamentlarning qonun ijodkorligi, parlament nazorati va siyosiy muloqot imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
«Ruhiy salomatlik avlodlar nigohida» mavzusidagi seminarda barcha yoshdagi fuqarolarning ruhiy farovonligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilik strategiyalari muhokama qilindi. Raqamli zo‘riqish, iqtisodiy bosim va ijtimoiy noaniqliklar bilan bog‘liq ruhiy salomatlik muammolari, ularning oldini olish, psixologik chidamlilikni oshirish hamda mahalliy jamoalar darajasida yordam ko‘rsatishga xizmat qiluvchi amaliy parlament yondashuvlari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalarda Oral Ataniyazova mamlakatimizda ruhiy kasalliklarga chalingan shaxslarga har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qonunchilik va amaliy chora-tadbirlar, yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Mahalliy jamoalar va sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida hammabop psixologik yordamni ta’minlash, ruhiy farovonlik masalalarini bandlik va ijtimoiy himoya siyosati bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, psixologik yordam so‘rab murojaat qilishga nisbatan jamiyatdagi salbiy qarashlarni kamaytirish ustuvor vazifalar ekani ta’kidlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA