Markaziy Osiyo – AQSH: siyosiy muloqotdan amaliy sheriklik sari
Markaziy Osiyo xalqaro siyosat va iqtisodiyotda o‘z o‘rniga ega mintaqa sifatida tobora faollashmoqda. Davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning mustahkamlanishi, iqtisodiy aloqalarning kengayishi tashqi sheriklar bilan hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Ushbu jarayonda “Markaziy Osiyo – AQSH” (C5+1) muloqoti ham sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. 2015-yilda Samarqandda asos solingan mazkur format o‘tgan davr mobaynida tashqi ishlar vazirlari darajasidagi maslahatlashuvlardan davlat rahbarlari ishtirokidagi oliy darajadagi sammitlargacha bo‘lgan salmoqli rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi.
2023-yil Nyu-Yorkda, 2025-yil Vashingtonda o‘tkazilgan sammitlar hamkorlikning siyosiy va iqtisodiy ahamiyatini oshirdi. Bugun kun tartibida investitsiyalar, muhim mineral resurslar, transport, energetika va yangi texnologiyalar ustuvor o‘rin tutmoqda. Mazkur muloqotning bugungi holati, O‘zbekiston uchun imkoniyatlari va kelgusi istiqbollari haqida siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayev bilan suhbatlashdik.
– “Markaziy Osiyo – AQSH” muloqoti o‘n yil davomida qanday o‘zgardi? Uning bugungi ahamiyati nimada?
– Mazkur format 2015-yil 1-noyabrda Samarqandda tashkil etilgan. Dastlab u xavfsizlik, iqtisodiy aloqalar va atrof-muhit masalalari bo‘yicha maslahatlashuv maydoni edi. 2017–2020-yillarda muloqot muntazam tus oldi. Bunda O‘zbekistonning ochiq tashqi siyosatga o‘tishi va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi muhim o‘rin tutdi.
2020-yilda AQSHning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasida C5+1 asosiy hamkorlik mexanizmlaridan biri sifatida belgilandi. 2023-yil Nyu-Yorkda birinchi sammitning o‘tkazilishi esa munosabatlarni davlat rahbarlari darajasiga olib chiqdi. 2025-yil noyabrda Vashingtonda bo‘lib o‘tgan ikkinchi sammitdan so‘ng hamkorlikda amaliy iqtisodiy manfaatlar yanada ustuvor ahamiyat kasb eta boshladi. Eng muhim o‘zgarish shundaki, avval mintaqaviy xavfsizlik va Afg‘oniston masalasi asosiy o‘rinda turgan bo‘lsa, bugun investitsiya, sanoat, transport, energetika va texnologiyalar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga aylanmoqda.
– AQSHning Markaziy Osiyoga qiziqishi kuchayishini qanday izohlaysiz?
– Buning birinchi sababi mintaqaning o‘zidagi o‘zgarishlardir. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch mustahkamlandi, savdo va iqtisodiy aloqalar kengaydi. Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikning muntazam mexanizmiga aylandi. Tahlillarga ko‘ra, mintaqada o‘zaro savdo 10,7 milliard dollarga yetgan. 2024-yilda mamlakatlarning umumiy yalpi ichki mahsuloti qariyb 500 milliard dollarni tashkil etgan. Iqtisodiy o‘sish sur’atlari jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan taxminan uch barobar yuqori.
Ikkinchi omil jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar. Global ta’minot zanjirlarining qayta shakllanishi va xalqaro beqarorlik muqobil transport yo‘laklariga talabni oshirdi. Bu Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi – O‘rta yo‘lakning ahamiyatini kuchaytirmoqda.
– C5+1 formati O‘zbekistonga qanday iqtisodiy imkoniyatlar yaratmoqda?
– O‘zbekiston mazkur formatni investitsiyalar jalb etish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish vositasi sifatida ko‘radi. 2025-yilda Amerika kompaniyalari bilan umumiy qiymati 100 milliard dollardan ortiq kelishuvlar portfeli shakllantirildi. Ular aviatsiya, tog‘-kon sanoati, moliya, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi. “Boeing”, “Citigroup”, “Cleveland Clinic” kabi kompaniyalar bilan hamkorlik shular jumlasidan. Loyihalarni muvofiqlashtirish uchun AQSH Eksimbanki va DFC ishtirokida qo‘shma mexanizm tashkil etildi. Biroq bu yerda bir jihatni farqlash zarur. Kelishuvlarning umumiy qiymati hali amalda kiritilgan investitsiyalar degani emas. Natija yangi korxonalar, ish o‘rinlari, texnologiyalar va tayyor mahsulotlar bilan o‘lchanishi kerak.
Ayniqsa, mineral resurslarni faqat xomashyo sifatida eksport qilish bilan cheklanmaslik lozim. Ularni mamlakatning o‘zida qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish asosiy maqsad bo‘lishi kerak.
– Sizningcha, hamkorlikning qaysi yo‘nalishlari eng istiqbolli hisoblanadi?
– Birinchi navbatda, muhim minerallar va tog‘-kon sanoati. Bu sohada AQSH texnologiyalari va investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatlari katta. Ikkinchi yo‘nalish energetika. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va energiya saqlash texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rivojlantirish mumkin. Uchinchisi transport va logistika. O‘rta yo‘lak, Transafg‘on temir yo‘li va bojxona jarayonlarini raqamlashtirish mintaqaning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, tibbiyot, ta’lim va qishloq xo‘jaligida ham hamkorlik salohiyati yuqori.
– Kelgusi yillarda C5+1 qanday rivojlanishi mumkin?
– Tahlilda to‘rtta ehtimoliy ssenariy ko‘rib chiqilgan. Birinchisi institutsionallashuv. Bunda uzoq muddatli hamkorlik dasturi qabul qilinib, doimiy kotibiyat tashkil etiladi va yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshiriladi. Ikkinchisi pragmatik rivojlanish. Siyosiy muloqot yuqori darajada saqlanadi, iqtisodiy kelishuvlar bosqichma-bosqich bajariladi, ammo mintaqaviy loyihalar nisbatan sekin ilgarilaydi. Menimcha, hozirgi sharoitda eng ehtimolli ssenariy shu. Uchinchisi inersiya. AQSHning boshqa xalqaro muammolarga e’tibori kuchayishi natijasida format faolligi pasayishi mumkin.
Eng maqbul yo‘l formatni uzoq muddatli va amaliy natijaga yo‘naltirilgan sheriklik mexanizmiga aylantirish. Buning uchun kelgusi o‘n yillikka mo‘ljallangan dastur qabul qilish, Samarqand yoki Toshkentda muvofiqlashtirish markazini tashkil etish, qo‘shma investitsiya loyihalari bankini shakllantirish maqsadga muvofiq. Shuningdek, mineral resurslarni mahalliy qayta ishlash, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish, sun’iy intellekt hamda muhandis kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarga e’tibor qaratish lozim.
Ularning o‘zaro uyg‘unligi hamkorlikning siyosiy vaziyatga qaramligini kamaytirib, iqtisodiy samaradorligini oshirishi mumkin. Eng muhimi, Markaziy Osiyo yirik davlatlar raqobatining ob’ekti emas, balki o‘z manfaatlari va tashabbuslariga ega mustaqil mintaqa sifatida ishtirok etishi kerak. O‘zbekiston esa mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tajribasi orqali C5+1ning kelgusi bosqichini shakllantirishda faol o‘rin tutishi mumkin.
Pirovardida, mazkur formatning muvaffaqiyati qabul qilingan deklaratsiyalar yoki imzolangan kelishuvlar soni bilan emas, balki amalga oshirilgan loyiha, yaratilgan ish o‘rinlari va mintaqa aholisi hayotidagi aniq natijalar bilan baholanishi lozim.
O‘zA muxbiri
Dilshod HAKIMOV
suhbatlashdi.