Sirdaryolik o‘quvchilar yuksak marralarni zabt etishmoqda
Joriy o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, Sirdaryo viloyati o‘quvchilari xalqaro va respublika miqyosidagi olimpiada hamda tanlovlarda jami 35 ta yuqori natijani qayd etdi. Jumladan, 11 ta xalqaro medal qo‘lga kiritildi, respublika bosqichidagi olimpiadalarda 7 ta sovrinli o‘rin egallandi. Shuningdek, 17 nafar 11-sinf bitiruvchisi olimpiadalardagi muvaffaqiyatlari asosida oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz o‘qish huquqini qo‘lga kiritdi.
Viloyat maktab o‘quvchilari matematika va informatika fanlari bo‘yicha Gretsiya, Turkmaniston va Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etishib, sovrindorlar safidan joy olishdi. Respublika fan olimpiadalari, PIIMA STEM olimpiadasi hamda ixtirochilik yo‘nalishidagi tanlovlarda qo‘lga kiritilgan natijalar ham o‘quvchilarning yuqori bilim va salohiyatlarini namoyon etishdi.
Xalqaro olimpiadalarda yuqori natija qayd etgan o‘quvchilar orasida Yangiyer shahridagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Dostonbek Rahmonqulov alohida ajralib turdi. U bir o‘quv yili davomida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Guliston shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Azizbek Mamajonov Gretsiyada o‘tkazilgan 43-Bolqon matematika olimpiadasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. U, shuningdek, Respublika STEM olimpiadasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Yosh sovrindorlar safida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham bor. Xususan, “Alpha School” nodavlat ta’lim muassasasining 4-sinf o‘quvchisi Qodirbek To‘laganov TASIMO–2026 xalqaro matematika olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Natijalar tahliliga ko‘ra, hududlar kesimida Guliston shahri 13 ta sovrin bilan birinchi o‘rinni egalladi. Yangiyer shahri hisobiga 8 ta, Guliston tumani hisobiga esa 6 ta sovrin to‘g‘ri keldi.

Ta’kidlash joiz, keyingi yillarda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro olimpiadalarga tayyorlash va ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Sirdaryo viloyati o‘quvchilarining xalqaro va respublika miqyosida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari buning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri