AQSHda IT sohasiga vatandoshlarni jalb etish masalasi muhokama qilindi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning AQSHga amalga oshirgan xizmat safari doirasida Vashington shahridagi O‘zbekiston elchixonasida vatandoshlar, startap asoschilari va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda raqamli transformatsiyani jadallashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va xorijdagi salohiyatli kadrlarni milliy IT ekotizimiga jalb etishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda vazir O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, ustuvor yo‘nalishlar va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, IT xizmatlar eksport salohiyatini oshirish va soha uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan tashabbuslar ta’kidlandi.
IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov tashkilot faoliyati va so‘nggi yillarda erishilgan natijalar haqida taqdimot qildi. U innovatsiyalarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishda IT Park’ning o‘rnini alohida qayd etdi.

Shuningdek, “Uzbekistan Connect” dasturi doirasida vatandoshlarni “Tech Ambassador” sifatida jalb etish, investitsiyalarni ko‘paytirish, IT xizmatlar eksportini kengaytirish va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari taqdim etildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan qator muhim takliflar ilgari surildi. Ular orasida raqamli ta’lim platformalarini rivojlantirish, universitet va biznes hamkorligini kuchaytirish, xalqaro stajirovka dasturlarini kengaytirish, IT mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish, autsorsing xizmatlarini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt sharoitida mehnat bozorini moslashtirish kabi yo‘nalishlar bor.
Nigora Rahmonova,
O‘zA