Sirdaryo oromgohida bilim, sport va ijod bayrami
Kulgi, shodlik, sport shavqi va intellektual bellashuvlar... Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tasarrufidagi Sirdaryo bolalar oromgohida tashkil etilgan navbatdagi tadbir bolajonlar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston bolalar tashkiloti Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi hamda "Zakovat" intellektual klubi nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yuzlab oromgoh tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi.
Kun davomida oromgoh haqiqiy bayram maskaniga aylandi. Bir maydonda bilimlar sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, boshqa hududda sport musobaqalari qizg‘in tus oldi. Ijodga oshno bolalar esa o‘z iqtidorini namoyon etish imkoniga ega bo‘ldi.

Dastlab tashkil etilgan "Zakovat" intellektual o‘yinida ishtirokchilarning bilim saviyasi, tezkor fikrlashi va mantiqiy tafakkuri sinovdan o‘tdi. Qizg‘in kechgan bahslar har bir savolga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Futbol musobaqalari va sport estafetalarida esa chaqqonlik, epchillik va jamoaviy hamjihatlik ustuvorlik qildi. Har bir bahs ishtirokchilarning g‘alabaga bo‘lgan intilishi va yuqori tayyorgarligi bilan ajralib turdi.

Adabiyot ixlosmandlari uchun tashkil etilgan "Mushoira" kechasi she’riyatga mehr qo‘ygan yoshlarni bir sahnaga jamladi. Ular o‘z ijod namunalarini o‘qib eshittirib, milliy adabiyot va ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini namoyon etdi.

Shaxmat va shashka bahslari ishtirokchilarning mantiqiy fikrlash qobiliyatini charxlagan bo‘lsa, asfaltga rasm chizish aksiyasi bolajonlarning boy tasavvuri va ijodiy salohiyatini namoyon qildi. Rang-barang tasvirlarda Vatan, tinchlik, tabiat va baxtli bolalik g‘oyalari o‘z ifodasini topdi.

Tadbir yakunida faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi. Eng muhimi, bu kun bolajonlarga nafaqat quvonchli damlar va yangi do‘stlar, balki bilim olish, sport bilan muntazam shug‘ullanish va ijod qilishga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi.

Bunday ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari yosh avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda vatanparvarlik, do‘stlik va hamjihatlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

— Bolalarning yozgi ta’tili mazmunli va esda qolarli o‘tishi biz uchun eng muhim vazifalardan biri. Bugungi tadbirda sport, intellektual o‘yinlar va ijodiy tanlovlarning bir maydonda jamlangani har bir bolaning qobiliyatini namoyon etish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va o‘zaro do‘stlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi. Eng quvonarlisi, bolajonlarning yuzidagi quvonch va ko‘tarinki kayfiyat bunday loyihalarni yanada kengaytirishga undaydi. Biz ular oromgohdan yorqin xotiralar, yangi do‘stlar va yaxshi taassurotlar bilan qaytishini istaymiz, — deydi Sirdaryo bolalar oromgohi direktori Ulug‘bek To‘raqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri