O‘zbekistonlik olimning tadqiqotlari saratonga qarshi dori yaratish istiqbollarini kengaytirdi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti katta ilmiy xodimi Nurxo‘ja Muxamedov Vengriyaning “Debrecen” universitetida o‘tkazilgan ilmiy stajirovka davomida saraton hujayralariga qarshi istiqbolli biofaol birikumalarni tadqiq etish bo‘yicha muhim natijalarga erishdi.
Yosh olim xorijlik hamkasblari — “Debrecen” universitetining Farmatsevtika texnologiyalari, Farmakologiya hamda Farmatsevtik kimyo kafedralari olimlari bilan hamkorlikda tabiiy biofaol moddalarni zamonaviy fizik-kimyoviy va biologik usullar yordamida atroflicha o‘rgandi.
Xususan, Farmatsevtik kimyo kafedrasida professor Aniko Borbash rahbarligida yadro magnit rezonansi (¹H va ¹³C YAMR) tahlillari o‘tkazilib, bufadiyenolidlar va ular hosilalarining kimyoviy tuzilishi aniq tasdiqlandi.

Tadqiqotlarning eng muhim bosqichlaridan biri biofaol birikumalarning saratonga qarshi ta’sirini baholash bo‘ldi. Farmakologiya kafedrasida o‘tkazilgan tajribalarda arenobufagin va uning hosilalari MCF-7 ko‘krak bezi saratoni hujayralarida sinovdan o‘tkazildi. Natijada Ar-004, Ar-008 va Ar-015 kabi ayrim hosilalar nanomolyar konsentratsiyalarda saraton hujayralarining yashovchanligini sezilarli darajada susaytirishi ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, H9c2 kardiomiotsit hujayralari modelidagi tadqiqotlar arenobufaginning kimyoviy modifikatsiyasi orqali uning saratonga qarshi faolligini saqlab qolgan holda, yurak hujayralariga toksik ta’sirini keskin kamaytirishga erishilganini ko‘rsatdi. Bu esa ushbu birikumalarni kelajakda xavfsizroq va samaraliroq dori vositalari nomzodi sifatida qarashga zamin yaratadi.
Ilmiy stajirovka davomida o‘zbek olimi zamonaviy farmakologiyada keng qo‘llaniladigan Langendorff ex vivo yurak perfuziyasi usulini ham o‘zlashtirib, mazkur metodning yangi biologik faol moddalarni baholashdagi keng imkoniyatlarini o‘rgandi.
O‘zA