Sifatsiz suv tozalash filtriga to‘langan pul iste’molchiga qaytarildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, iste’molchilarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shulardan biri sifatida, Nukus shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatidan kelib tushgan murojaat o‘z natijasini berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani fuqarosi X.Xo‘jambergenov “N.G.F” korxonasidan 690 ming so‘mga sotib olgan suv tozalash filtri sifatsiz bo‘lib chiqqan. Bu bo‘yicha fuqaro jamiyatga murojaat qilib, amaliy yordam so‘ragan.
Nukus shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari masalani qisqa muddatda o‘rganib chiqdi. Korxona xodimlari bilan o‘tkazilgan suhbat va tushuntirish ishlari o‘z samarasini berib, fuqaroning 690 ming so‘m puli to‘liqligicha o‘ziga qaytarib berildi.
So‘nggi paytlarda aholi o‘rtasida bo‘lib to‘lashga turli texnika va transport vositalarini sotib olish ommalashgan. Biroq, ayrim hollarda sotuvchilarning o‘z va’dasiga amal qilmasligi iste’molchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Nukus shahri "Nurli bo‘ston" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Azamat Darxonov To‘rtko‘l tumanidagi "V.T" do‘konidan bo‘lib to‘lashga skuter va havo sovitkich sotib olgan. Biroq do‘kon xodimlari tomonidan sotib olingan skuter o‘rniga boshqa, arzon markadagi skuter yetkazib berilgan. Shuningdek, xarid qilingan havo sovitkichni o‘rnatib berish uchun ustalar vaqtida yuborilmagan.
Fuqaroning do‘kon mutaxassislariga qilgan shikoyati natijasiz qoldirilgach, u o‘z huquqlarini himoya qilishni so‘rab To‘rtko‘l tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat etgan. Jamiyat mutaxassislari tomonidan ushbu holat tezkorlik bilan o‘rganilib, do‘kon mas’ullari bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.
Natijada sotuvchi o‘z kamchiliklarini tan olib, skuterni sifatli turiga almashtirib berishga va’da berdi. Havo sovitkichni o‘rnatish uchun ustalar yuborildi va masala ijobiy hal etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri