SHHT 25 yoshda: tashkilot yangi bosqichga tayyormi?
Joriy yil Shanxay hamkorlik tashkiloti uchun tarixiy bosqich hisoblanadi. Tashkilot ta’sis etilganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan 1-sentabr kuni Bishkek shahrida davlat rahbarlarining yubiley sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu sana nafaqat o‘tgan chorak asr davomida erishilgan natijalarni sarhisob qilish, balki kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab olish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun SHHT Yevrosiyo makonidagi eng yirik mintaqaviy tuzilmalardan biri sifatida xavfsizlik, transport, iqtisodiyot, raqamli taraqqiyot va gumanitar hamkorlik kabi yo‘nalishlarda faol ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, geosiyosiy raqobatning kuchayishi, a’zo davlatlar manfaatlarining xilma-xilligi va konsensus asosida qaror qabul qilish mexanizmi tashkilot oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Shu munosabat bilan O‘zA muxbiri mavzu yuzasidan siyosatshunoslar Durbek Sayfullayev va Sayfiddin Jo‘rayevga murojaat qildi. Suhbatda SHHTning bugungi o‘rni, asosiy yutuqlari, hal etilishi lozim bo‘lgan muammolari hamda O‘zbekiston uchun strategik ahamiyati xususida fikr almashildi.
– Shanxay hamkorlik tashkiloti chorak asrlik faoliyati davomida qanday yo‘lni bosib o‘tdi? Jamoaning asosiy yutug‘i nimada?

Durbek Sayfullayev:
— SHHTning eng katta yutug‘i vaqt sinovidan o‘tganida. Dastlab chegara xavfsizligi va o‘zaro ishonchni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mexanizm bugun mutlaqo boshqa ko‘lamdagi tashkilotga aylandi. Hozir tuzilma xavfsizlikdan boshlab transport, energetika, raqamli iqtisodiyot, ekologiya va gumanitar sohalargacha qamrab olgan.
Eng muhimi, SHHT turli siyosiy qarashlarga ega davlatlarni bir davra atrofida muloqot qilishga undaydi. Bugungi keskin geosiyosiy vaziyatda bunday platformalarning ahamiyati yanada ortmoqda. Shu jihatdan tashkilotning asosiy natijasi a’zo davlatlar o‘rtasida muloqot uzilmasligini ta’minlayotganidir. Bu esa mintaqa barqarorligini saqlash uchun muhim omil hisoblanadi.
Sayfiddin Jo‘rayev:

– SHHT rivojlanishi jarayonini bir necha bosqichga ajratish mumkin. Dastlab tashkilot chegara xavfsizligiga ixtisoslashgan edi. So‘ng terrorizm, ekstremizm va transmilliy xavfga qarshi hamkorlik asosiy vazifaga aylandi. Keyingi bosqichda esa iqtisodiy integratsiya, transport bog‘liqligi va raqamli taraqqiyot kun tartibiga chiqdi.
Bugun SHHT faqat mintaqaviy emas, balki global jarayonga ham ta’sir ko‘rsatayotgan institut sifatida shakllanmoqda. A’zolar tarkibi kengayishi, tuzilmaga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni ortishi ham SHHTning xalqaro nufuzi oshib borayotganidan dalolat. Shu bilan birga boshqaruv samaradorligini oshirish va qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash vazifasi ham dolzarb.
– A’zo davlatlar soni ortishi SHHT imkoniyatini kengaytiradimi yoki aksincha ichki kelishuvni murakkablashtiryaptimi?
Durbek Sayfullayev:
— Bu masalada ikki tomonlama jarayon muhim. Bir tomondan yangi davlatlar qo‘shilishi tashkilotning geografiyasi, iqtisodiy salohiyati va siyosiy ta’sirini kengaytirmoqda. Ikkinchi tomondan esa turli tashqi siyosiy manfaatga ega davlatlar o‘rtasida yagona qarorga kelish murakkablashmoqda. Shu bois endi asosiy vazifa a’zo sonini ko‘paytirish emas, balki mavjud hamkorlik mexanizmi samaradorligini oshirishdan iborat. Bu tashkilotning haqiqiy kuchini belgilaydi.
Sayfiddin Jo‘rayev:
– Konsensus tamoyili SHHTning asosiy ustunligi va ayni payt jiddiy sinov. Zero, tashkilotda geosiyosiy qarashi turlicha davlatlar ishtirok etadi. Tabiiyki, barcha masalalar bo‘yicha bir xil pozitsiyaga kelish oson emas. Shuning uchun, menimcha, endi tashkilot faoliyatini baholashda qabul qilingan deklaratsiya soni emas, balki amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar asosiy mezonga aylanishi kerak. Samaradorlik aynan shu bilan o‘lchanadi.
– Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda SHHT xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik o‘rtasida muvozanatni saqlab qola oladimi?
Durbek Sayfullayev:
– Keyingi yillarda dunyodagi geosiyosiy jarayon tubdan o‘zgardi. Savdo urushi, sanksiya, qurolli mojaro va yangi texnologiya raqobati xalqaro tashkilotlar oldiga yangi talablar qo‘ymoqda. SHHT ham ayni jarayondan chetda emas. Tashkilotning muhim ustunligi faqat xavfsizlik masalasi bilan cheklanib qolmasligida. Ya’ni, transport yo‘laklari, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, energetika, oziq-ovqat xavfsizligi va iqlim masalalari ham umumiy kun tartibiga kirib kelmoqda. Boshqacha aytganda, SHHT zamon talabiga moslashayotgan tashkilot sifatida namoyon bo‘lmoqda. Menimcha, kelgusi yillarda aynan amaliy iqtisodiy loyihalar tashkilot samaradorligining asosiy ko‘rsatkichiga aylanadi.
Sayfiddin Jo‘rayev:
– SHHTning eng qulay imkoniyati tarkibida mujassam. A’zo davlatlar hissasiga dunyo aholisining qariyb 40 foizi, ulkan energetika zaxirasi va ulkan bozor to‘g‘ri keladi. Shuning o‘ziyoq tuzilma salohiyati nechog‘li yuqoriligini ko‘rsatadi. Tabiiyki, salohiyat har doim ham bevosita natija beravermaydi. Qaror loyihaga, tashabbus amaliyotga aylanmasa, turli muhim sohalarda aniq natijaga erishilmasa, mavjud imkoniyat to‘liq ishga solinmasa, bari befoyda. Shuning uchun ham bugun tashkilot uchun eng muhim vazifa yangi deklaratsiyalar qabul qilish emas, balki mavjud tashabbuslarni hayotga tatbiq etishdir.
– O‘zbekiston uchun SHHT qanday ahamiyatga ega?
Durbek Sayfullayev:
– O‘zbekiston SHHT ta’sischilaridan biri hisoblanadi. Shu bois mamlakatimiz tashkilot faoliyatida shunchaki ishtirokchi emas, balki taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilashda ham faol. Ayniqsa, transport-kommunikatsiya, raqamli iqtisodiyot, investitsiya, savdo va Afg‘oniston masalalari bo‘yicha respublikamiz ilgari surayotgan tashabbuslar nafaqat milliy, balki mintaqaviy ahamiyatga ega. Demak, mamlakatimizning SHHT doirasidagi nufuzi izchil mustahkamlanmoqda.
Sayfiddin Jo‘rayev:
– O‘zbekiston uchun SHHT ko‘p qirrali tashqi siyosat platformalaridan biridir. Tashkilot mamlakatimiz uchun yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish, dengiz portlariga chiqish imkoniyatini kengaytirish, sarmoya jalb qilish, yuqori texnologiya sohasida hamkorlik qilish hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash kabi strategik vazifalarni ilgari surish imkonini beradi. Eng muhimi, davlatimiz har doim SHHTni ochiq, bloklarga qo‘shilmaydigan va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan tashkilot sifatida rivojlanishini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu pozitsiya mamlakatimiz tashqi siyosiy tamoyillari bilan hamohang.
Musulmon Ziyo tayyorladi.
O‘zA