Tibbiyot xabarlari
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish orqali aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati va ko‘lamini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhim o‘rin tutmoqda.
Mas’ul idoralarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-2026-yillar davomida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda jami 6 million 730 ming nafardan ko‘proq bemor sog‘lomlashtirildi. Ushbu yo‘nalishdagi tibbiy xizmatlarni sifatli tashkil etish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida 26,8 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.
Shu bilan birga, joriy yilda ham inson salomatligini asrash borasidagi ko‘lam kengayib bormoqda. Xususan, 2026-yilning dastlabki olti oyi davomida 2 million 363 ming nafardan ziyod bemor davolanib, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi va bu maqsadlar uchun 9,86 trillion so‘m mablag‘ sarflandi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xodimlari Xitoyning Shenchjen shahrida "CPHI Shenzhen-2026" xalqaro farmatsevtika ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida Xitoy va boshqa davlatlarning farmatsevtika kompaniyalari, ishlab chiqaruvchilari hamda soha vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi, qo‘shma korxonalar tashkil etish, yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish va ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilinayotir.
Shuningdek, O‘zbekistonning farmatsevtika sohasidagi investitsiyaviy imkoniyatlari xalqaro kompaniyalarga taqdim etilmoqda, istiqbolli loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
"CPHI Shenzhen-2026" O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda yangi investitsiyaviy loyihalarni shakllantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
***
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan infarkt va insultning oldini olish, yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash hamda erta o‘lim holatlarini kamaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli «Salomatlik marafoni» Namangan viloyatida yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur marafon doirasida Milliy tibbiyot markazining rentgen-endovaskulyar bo‘limi shifokorlari joylarga chiqqan holda aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatdi hamda yurak-qon tomir patologiyalarini erta bosqichda aniqlash va davolash jarayonlarida faol ishtirok etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, marafon davomida viloyat bo‘yicha 5 ming nafardan ziyod fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik va zamonaviy diagnostik tekshiruvlardan o‘tkazildi. Xususan, Toraqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tekshiruvlarda 500 nafardan ortiq fuqaroning salomatligi baholandi. Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, yurak-qon tomir tizimida jiddiy o‘zgarishlar aniqlangan 40 nafar bemor stentlash amaliyotiga, 20 nafar bemor esa aorta koarktatsiyasi bo‘yicha yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga yo‘naltirildi.
Mazkur tadbirning eng muhim va insonparvar jihatlaridan biri — ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, jumladan, ijtimoiy daftarlar ro‘yxatidagi fuqarolar, keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun barcha turdagi tibbiy ko‘riklar va murakkab diagnostik tekshiruvlar bepul amalga oshirilgani bo‘ldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, asosiy maqsad — kasallikni o‘z vaqtida aniqlash, bemorga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish va eng muhimi, inson hayotini saqlab qolishdan iborat bo‘ldi. Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari ishtirokidagi bunday sayyor tibbiy ko‘riklar hududlardagi aholiga yuqori texnologik va zamonaviy tibbiy xizmatlarni bevosita yashash joylarining o‘zida yetkazib berish imkonini berdi.
M.Qosimova, O‘zA