Sherzod Shermatov: O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi raqamli taraqqiyotning yangi imkoniyatlarini ochmoqda
Ma’lumki, joriy yilning 17–18-oktabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Tashrif doirasida oliy va yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazilib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari xususida qisqa suhbat uyushtirdi.
– O‘zbekiston va XXR o‘rtasidagi raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik bugun qanday natijalar bermoqda?
– Davlatimiz rahbari boshchiligida Xitoy bilan hamkorlik bo‘yicha juda katta ishlar boshlangan. Buning natijasida hamma sohalarda imkoniyatlar ortib bormoqda. Xususan, raqamli texnologiyalar sohasini oladigan bo‘lsak, birinchi navbatda, odamlarga arzon va qulay, tez ishlaydigan infratuzilma kerak.
XXR texnologiyalari aynan arzonligi va qulayligi, internet tezligi nuqtai nazaridan, shuningdek, qulay infratuzilma yaratishda yordam beradi va hozir aksariyat operatorlar aynan bizda shuni ishlatishadi.
Shu bilan birga, ma’lumot markazlari nuqtai nazaridan, texnologiyani kengaytirish ham muhim, chunki odamlarga qulay xizmat ko‘rsatishni o‘ylashimiz kerak. Xitoy kompaniyalari innovatsiyalari nafaqat arzon, balki sifatli va joriy qilish oson. Ma’lumot markazlarimizda ham hozir keyingi bosqichni kengaytirish masalasida Xitoy kompaniyalari bilan ishlayapmiz.
Kompaniyalar bilan ishlaganda faqat bir yo‘nalishni o‘zlashtirish emas, keng qamrovli, birinchi navbatda, ta’limga e’tiborni kuchaytirish masalasiga e’tibor qaratiladi. Jahondagi yirik kompaniyalardan biri – “Huawei” misolida oladigan bo‘lsak, “Huawei IT Academy” va “Seeds for the Future” loyihasi bor. Ya’ni, o‘zbek mutaxassislariga yangi texnologiyani o‘rgatish bo‘yicha yirik dasturlarni birga amalga oshiramiz.
Shu bilan birga, hamkor tomon kurslarini yurtimizdagi oliy ta’lim kurslarida joriy qilyapmiz. Masalan, sun’iy intellekt yo‘nalishini oladigan bo‘lsak, ushbu sohada dunyoda ikki davlat oldinda ketyapti – Amerika Qo‘shma Shtatlari va Xitoy. XXRning ustuvor tomoni – sohani joriy etish darajasi bo‘yicha hozir dunyoga o‘rnak bo‘ladigan darajada.
Shuningdek, ta’lim tizimida Xitoy tajribasini joriy etish, ya’ni yoshlarimizni yoshlikdan SIga o‘rgatish bo‘yicha ish olib borilyapti. Masalan, Xitoy kitoblarini olib, maktablardagi informatika o‘qituvchilari uchun o‘zimizga moslashtirib tarjima qilganmiz. Ya’ni, yoshlarimiz qo‘lida eng ilg‘or materiallar bo‘lsin. Bu ham, tabiiyki, hamkorlik natijasi.
Endi keyingi bosqichda xalqaro tajribani o‘zimizdagi oliy ta’lim muassasalariga qo‘llamoqchimiz. Bizning universitetlarda ham eng yuqori darajadagi SI bo‘yicha kitoblardan bemalol o‘rganish imkoni paydo bo‘ladi.
Keyingi yo‘nalishdagi hamkorlik – yangi yuqori texnologiyalar. Xabaringiz bor, xitoylik hamkorlar bilan “Samarqand-2028” nomli alohida sun’iy yo‘ldosh koinotga uchirildi. Ayni yo‘nalishda ham mutaxassislar birgalikda ishlab, sun’iy intellektga asoslangan giperspektral analiz qiladigan modulni qo‘yishdi. Birinchi o‘zbek kosmonavtini tayyorlash masalasida ham xitoyliklar tajribasidan unumli foydalanish mumkin.
IT Park rezidentlari masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, oxirgi yillarda juda ko‘p Xitoy kapitali ishtirokidagi kompaniyalar bizda rezidentlik ochyapti. Kompaniyalarimiz Xitoy bozoriga eksportni yo‘lga qo‘ya boshladi. Bu yangi yo‘nalish tufayli yoshlarimizga qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Xitoy kompaniyalariga O‘zbekistonni mintaqaviy qarorgoh sifatida ko‘rishni tavsiya qilyapmiz. Masalan, “Huawei” mintaqaviy qarorgohi uchun aynan Toshkent shahrini tanlagan va poytaxtimizdan turib butun MDH davlatlari hamda Mongoliyaga xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu kompaniya o‘tgan yil 12 million dollarga yaqin xizmat eksportini amalga oshirdi.
Prezidentimiz dunyoning har qanday yirik davlati bilan hamkorlikda birinchi navbatda iqtisodiyotimiz o‘sishiga qo‘shiladigan hissaga, yoshlarimiz uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishi nuqtai nazaridan qaraydi. Albatta, bu yo‘nalishda Xitoy bilan hamkorlik soha rivojiga, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishga xizmat qiladi.
– Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vazirining o‘lkamizga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatida qanday yangi imkoniyatlar ochadi, deb o‘ylaysiz?
– XXR Bosh vaziri Li Syanning diyorimizga tashrifi – tarixiy voqea. Ma’lumki, hozir dunyoda, ba’zi mintaqalarda beqaror muhit hukmron. Shunga qaramay, Xitoy Bosh vaziri yoki AQSH Davlat kotibining tashriflari O‘zbekistonning jahon xaritasidagi o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat.
Xitoy bilan nafaqat savdo-iqtisodiy, balki ilmiy-texnik yo‘nalishda ham keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Ilmiy-texnik hamkorlik deganda oliy ta’limdagi o‘qitish tizimi, ya’ni, R&D (tadqiqot va ishlanma), qo‘shma ishlab chiqarish tushuniladi.
Chinliklarning tajribasi juda kuchli: qaysi sohada ilmiy-tadqiqot olib borilsa, o‘sha sohada dunyo yetakchisiga aylanib boryapti. Masalan, quyosh batareyalari, shamol energetikasi, elektromobillar, jumladan, telekommunikatsiya sohasida ham juda ilgarilab ketishgan. Demak, ayni tajriba biz uchun juda muhim.
Bu tajribani o‘zlashtirish uchun albatta yuqori darajali siyosiy munosabat zarur. Agar o‘zaro ishonch bo‘lmasa, bunday darajada, ilm-fanning eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan yo‘nalishlarda hamkorlik o‘rnatish qiyin. Fikrimcha, ushbu tashrif bu yo‘lda yangi-yangi qirralarni ochib beradi.
O‘tkir ALIMOV suhbatlashdi.
O‘zA