Shaxmatdan kibersportgacha: Qo‘qonda sport musobaqalari boshlandi
Qo‘qon davlat universiteti tashabbusi bilan Qo‘qon shahrining 68 ta mahallasida istiqomat qiluvchi yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan yozgi sport musobaqalariga start berildi.
"Dolzarb 90 kun" dasturi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqalar yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularning jismoniy faolligini oshirish hamda mahallalarda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Musobaqalarning ochilish marosimida Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov, Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva, shahar mutasaddilari, sport sohasi vakillari, mahalla faollari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, sport nafaqat jismoniy chiniqish, balki yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik, iroda va intizom kabi fazilatlarni shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois mazkur musobaqalar yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash hamda ularni kelgusidagi yirik musobaqalarga tayyorlashga xizmat qiladi.
Musobaqalar dasturidan shaxmat va shashka, voleybol, basketbol 3x3, armrestling, regbi-7, stol tennisi, yengil atletika hamda kibersport yo‘nalishlari o‘rin olgan. Har bir sport turi bo‘yicha mahallalardan shakllantirilgan jamoalar va sportchilar o‘zaro bellashib, g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Sport festivali doirasidagi ilk musobaqalardan biri bo‘lgan vorkaut bahslari ham yuqori saviyada tashkil etildi. Qo‘qon shahar Yoshlar bog‘ida o‘tkazilgan musobaqada shaharning 68 ta mahallasidan 156 nafar yosh ishtirok etib, o‘zining jismoniy tayyorgarligi, kuchi, chidamliligi va mahoratini namoyish etdi.
Yozgi sport festivali doirasidagi bahslar endilikda boshqa sport turlari bo‘yicha ham davom etadi. Jumladan, ishtirokchilar shaxmat va shashka, voleybol, kibersport, basketbol, armrestling, regbi-7, stol tennisi hamda yengil atletika yo‘nalishlarida o‘zaro kuch sinashadi.

M.Qosimova, O‘zA