Surxondaryoda qum kushandalari jazolanmoqda
Surxondaryo viloyatining Denov tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Surxon” daryosi o‘zanida maxsus texnika yordamida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotgani aks etgan lavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Mazkur holatni Surxondaryo viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari tezkor o‘rganib, huquqbuzarni aniqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Denov tumanidagi Bog‘i Eram mahallasida yashovchi Elyor G‘ulomov (ism-shariflar o‘zgartirildi) o‘zboshimchalik bilan maxsus texnika yordamida daryo o‘zanidan noqonuniy qum-shag‘al qazib olgan. Bu harakati bilan tabiatga zarar yetkazgan qum-shag‘al kushandasiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, huquqbuzarlik sodir etishda foydalanilgan maxsus texnika belgilangan tartibda jarima maydoniga vaqtincha saqlash uchun joylashtirildi. Elyor G‘ulomovga 20 million 600 ming so‘m jarima va tabiatga 4 million 650 ming so‘m zarar yetkazgani aniqlanib, 25 million 250 ming so‘m undirish belgilandi.

Mamlakatimizda qum-shag‘alni noqonuniy qazib olishning oldini olish va tabiatni muhofaza qilish maqsadida daryo o‘zanlari, qirg‘oq bo‘ylari, suv muhofaza zonalaridan qum-shag‘al materiallarini qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan. Biroq, tabiat jonkuyarlari hamon hududlarda bu talabni buzib, qum, shag‘al va toshni g‘ayriqonuniy qazib olish bilan bog‘liq holatlarga duch kelmoqda. Jumladan, yaqinda ham viloyatning Sariosiyo tumanidagi Anorzor mahallasida o‘tkazilgan reyd chog‘ida qum-tosh materialini qazib olayotgan shaxs aniqlangan edi. Tuman ekopolitsiyasi xodimlari suv o‘zaniga o‘zboshimchalik bilan chang solgan Jonqobil Nazarovga amaldagi qonunchilikka muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, tegishli jarima jazosi qo‘lladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ayni paytda yurtimizda daryo o‘zanlari, qirg‘oq bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqi faqat “E-auksion” elektron platformasi orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri