Shaxmat: Javohir Sindorov bugun AQSHda Anish Giri bilan kuch sinashadi
Bugun, 13-avgust kuni AQSHning Sent-Luis shahrida o‘tayotgan “Sinquefield Cup 2026” turnirining 4-turida Javohir Sindorov qora donalarda azaliy raqiblaridan biri niderlandiyalik Anish Giriga qarshi dona suradi.
Kecha o‘tkazilgan 3-tur bahsida Javohir oq donalarda fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav qarshiligini yengishga harakat qildi.
Biroq Sindorovning 20-yurish holati qaysidir ma’noda Fransiya vakilini hujumkor pozitsiyaga olib chiqdi. Bu, o‘z navbatida oxir-oqibat o‘yinning durang bilan yakunlanishini ta’minladi.
“Grand Chess Tour” seriyasining hal qiluvchi bosqichi hisoblangan ushbu musobaqaning ortda qolgan 3-tur o‘yinlarida Uesli So qora donalarda hamyurti Fabiano Karuanani yengishi evaziga 2,5 ochko bilan yetakchiligini mustahkamlab oldi.

Keyingi o‘rinlarni band etgan Maksim Vashe-Lagrav va Levan Aronyan 2 ochko bilan 2-3-o‘rinlarda harakatlanmoqda. Sindorov hisobida esa 1,5 ochko mavjud.
Eslatib o‘tamiz, 20-avgustga qadar davom etadigan turnirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA