Shaxmat: Javohir Ruminiya turnirida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qila oladimi?
Bugun, 21-may kuni Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida 10 nafar eng mahoratli grossmeyster ishtirokidagi “Superbet Chess Classic Romania 2026" xalqaro turnirining 7-tur bahslari bo‘lib o‘tadi.
Unda hamyurtimiz Javohir Sindorov oq donalarda 4,5 ochko bilan musobaqada yetakchilik qilayotgan germaniyalik Vinsent Keymerga qarshilik ko‘rsatadi.
Mukofot jamg‘armasi 475 ming AQSH dollaridan iborat turnirning kecha yakunlangan 6-turida Sindorov qora donalarda FIDE reytingida 3-o‘rinda borayotgan AQSHlik Fabiano Karuana bilan murosa yo‘lini tanladi. Ushbu turning qolgan 4 ta juftligidagi o‘yinlarda ham shaxmatchilar durangga imzo chekdi.

Ikkita turni jarohati sabab to‘shakda o‘tkazgan fransiyalik Alireza Firuzdja musobaqani davom ettira olmasligini ma’lum qildi. Bu, musobaqa nizomiga muvofiq keyingi raqiblarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri texnik g‘alaba taqdim etilishiga olib keladi.
Aytish lozim, "Nomzodlar turniri" g‘olibi Javohir Sindorov Firuzdja bilan mazkur turnirning 5-turida durang o‘ynagan edi.

7-tur bahslari ostonasida Javohir 2,5 ochko bilan 8-pog‘onani band etib turibdi. Ruminiyalik Bogdan-Daniel Dik 2 ochko bilan 9-o‘rinda va Alireza Firuzdja 1 ochko bilan so‘nggi 10-o‘rinda turnirni yakunlashi oydinlashdi.
Bugun o‘tadigan turda J.Sindorov g‘alaba qozongan taqdirda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlikni davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Bahsda tenglik yuz bersa, kuchli beshlikdan joy olish uchun kurashishga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat bo‘lgan mazkur turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 100 ming, 2-o‘rin sohibi 65 ming, 3-o‘rin 50 ming, 4-o‘rin 35 ming, 5-o‘rin 25 ming, 6-o‘rin 20 ming, 7-o‘rin 18 ming, 8-o‘rin 15 ming, 9-o‘rin 12 ming va oxirgi 10-o‘rindan joy olgan ishtirokchi 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA