23 nafar taekvondochimiz Ulan-Batorda Osiyo chempionligi uchun kurashmoqda
Shu kunlarda Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasida yilning eng nufuzli musobaqalaridan biri Osiyo chempionati bahslari o‘tkazilmoqda.
Joriy yil Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari oldidan sportchilar uchun muhim sinov bahsi sanalgan chempionatda qit’aning eng mahoratli taekvondochilari qatorida O‘zbekiston terma jamoasining 23 nafar a’zosi ham ishtirok etmoqda.

Bugun, 21-may kuni terma jamoamiz a’zolari Jahongir Xudoyberdiyev (-54), Dilmurod Ma’rufjonov (-54), Marat Mavlonov (+87), Xudoynazar Shodmonov (+87), Madina Shoniyozova (-46), Svetlana Osipova (+73) va Iroda Mirtojiyeva (+73 kg) bellashuvlarda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Kecha Osiyo chempionatining pumse yo‘nalishidagi yakkalik bellashuvlarda mahoratli taekvondochilarimiz Zafar Sattorov, Isomiddin Yoqubov, Mavlonjon Rustamov, Noila Ziyadullayeva hamda Iroda Umirzoqova ishtirok etdi.
Chempionat bahslari 22-mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA