Shaharlarni 3D modellashtirish masalalari muhokama qilindi
Mamlakatimizda geodeziya, kartografiya va kadastr sohasini zamonaviy texnologiyalar asosida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish o‘z samarasini bermoqda. Bu borada xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvi sohani yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Xitoy Xalq Respublikasi Syangan (Gonkong) maxsus ma’muriy hududi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Kadastr agentligida aerogeodeziya, aqlli shaharlar va kadastr yo‘nalishida faoliyat yurituvchi “TIRAIN Technology” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘z faoliyati va amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan ma’lumot almashdi. Shuningdek, shaharlarni 3D modellashtirish bo‘yicha tajribalar, jumladan, Gonkongda yaratilgan raqamli platformalar, aerosuratga olish texnologiyalari hamda ushbu yo‘nalishdagi dasturiy ta’minotlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalar yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan ham fikr almashilib, zamonaviy geofazoviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi Kadastr agentligi ma’lumotida.
Tadbir yakunida idoralararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida hamkorlik bitimi loyihasini ishlab chiqish, shuningdek, shaharlarni 3D modellashtirish va raqamli kadastr tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tajriba almashishni davom ettirishga kelishib olindi.
M. Hojiakbarova,
O‘zA