Raqamli qishloq xo‘jaligi: tajriba, innovatsiya va hamkorlik
Poytaxtimizda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «Agrosanoatni raqamlashtirish markazi» MCHJ tashkil etilganining 5 yilligi munosabati bilan «Qishloq xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish istiqbollari» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda agrar tarmoqni raqamlashtirish borasidagi yutuqlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirda raqamli texnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish, sun’iy intellekt, geoaxborot tizimlari, kosmik monitoring, dronlar va elektron platformalardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar fikricha, zamonaviy raqamli yechimlar fermerlarga aniq ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish, resurslardan oqilona foydalanish va hosildorlikni oshirish imkonini beradi.
Konferensiya davomida «Agrosanoatni raqamlashtirish markazi»ning so‘nggi besh yilda amalga oshirgan ishlari taqdim etildi. Qayd etilganidek, joriy etilgan axborot tizimlari va elektron xizmatlar sohada shaffoflikni ta’minlash, ma’lumotlar almashinuvini tezlashtirish hamda boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-29803]
Tadbirda O‘zbekiston va Qirg‘izistonning sohaviy raqamlashtirish markazlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat raqamli texnologiyalar sohasida tajriba almashish va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Shuningdek, konferensiya doirasida bir qator tashkilotlar tomonidan innovatsion loyihalar va zamonaviy raqamli mahsulotlar taqdimoti o‘tkazildi. Soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan xodimlar va hamkor tashkilotlar taqdirlandi.
Mutasaddilar ta’kidlaganidek, raqamlashtirish qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro konferensiya esa bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish va agrar sohani innovatsion rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘ktam Hayitov (surat)
O‘zA