Shahar markazidagi osuda maskan
Andijon shahri markazida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i aholi va mehmonlarning sevimli dam olish maskanlaridan biri sanaladi. Qariyb bir asrlik tarixga ega ushbu bog‘ o‘zining so‘lim tabiati, ozoda va obod hududi, sayr qilish va hordiq chiqarish uchun yaratilgan qulayliklari bilan ajralib turadi.
Shaharning tarixiy go‘shalaridan biri bo‘lgan mazkur maskan yillar davomida andijonliklarning oilaviy sayrlari, madaniy hordiq chiqarishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun xizmat qilib kelmoqda.
Bog‘ hududidagi manzarali daraxtlar, yashil maydonlar, rang-barang gulzorlar va favvoralar maskanga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlaydi. Obod va ozoda yo‘laklar, dam olish o‘rindiqlari, bolalar uchun ko‘ngilochar maydonchalar tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratadi. Zamonaviy yoritish tizimi esa kechki sayrlar uchun ham sharoit yaratgan.
Bu yerda turli avlod vakillarini uchratish mumkin. Kimdir daraxtlar soyasida hordiq chiqarsa, yana kimdir farzandlari bilan sayr qiladi. Keksa avlod vakillari uchun ham bog‘ning osuda muhiti maroqli dam olish imkonini beradi.
Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i shahar madaniy hayotida ham muhim o‘rin tutadi. Bu yerda turli bayram tadbirlari, madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar va ommaviy sayillar tashkil etiladi.
[gallery-32109]
Bugungi kunda ham o‘zining tarixiy ahamiyati va tabiiy jozibasini saqlab kelayotgan ushbu maskan andijonliklar hamda shahar mehmonlariga mazmunli hordiq chiqarish imkonini bermoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA