Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ustuvor vazifa
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, is gazidan zaharlanishning oldini olish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Nukus shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar mavsumiy xavfsizlik choralariga qat’iy amal qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish har bir fuqaroning mas’uliyati ekanini ta’kidlashdi. Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, ularning kelib chiqish sabablari va oldini olish choralari haqida batafsil ma’lumot berishdi. Xususan, gaz va isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish, nosoz uskunalarni ishlatish, mo‘rilarni o‘z vaqtida tozalamaslik hamda shamollatish tizimlarining sozligiga yetarlicha e’tibor bermaslik jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi qayd etildi.

Tadbir davomida is gazidan zaharlanish xavfi, yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish va favqulodda vaziyatlarda tezkor choralar ko‘rish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilarga kundalik hayotda e’tiborsiz qoldirilishi mumkin bo‘lgan oddiy xavfsizlik qoidalari ham inson hayoti va salomatligini asrashda muhim ahamiyatga ega ekanligi tushuntirildi.

Tadbir yakunida kuz-qish mavsumini xavfsiz o‘tkazish, gaz va elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, is gazidan zaharlanish hamda yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha berilgan tavsiyalarga amal qilish zarurligi ta’kidlandi. Bunday targ‘ibot tadbirlari jamoada xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va inson hayotini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri