Shaffof mo‘’jiza: Turon shishasozligi Yaponiya va Xitoy saroylarini qanday zabt etgan?
Ko‘hna Surxon va Samarqand ustaxonalarida tayyorlangan shisha buyumlar karvon yo‘llari orqali Xitoy, Indoneziya hamda Yaponiya hukmdorlarining xazinalarigacha yetib borgan.
Sharq mamlakatlarining qadimiy moddiy madaniyati tarixida shisha buyumlar nafaqat nafis amaliy san’at namunasi, balki yuksak kimyoviy va muhandislik bilimlari mahsuli sifatida qadrlangan. Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida olib borilgan keng ko‘lamli tadqiqotlar Markaziy Osiyo, xususan, hozirgi O‘zbekiston hududi antik davr va o‘rta asrlarda butun qit’ani sifatli shisha mahsulotlari bilan ta’minlagan mustaqil ishlab chiqarish o‘chog‘i bo‘lganini namoyish etdi. Olim Abdug‘ani Abdurazzoqov mintaqaning 385 ta arxeologik yodgorligidan topilgan jami 777 ta shisha namunasini tahlilxonada tekshiruvdan o‘tkazib, mahalliy ustalarning o‘ziga xos ishlov berish maktabini tiklashga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu tadqiqotlar orasida eng hayratlanarli jihat shundaki, Samarqanddagi Afrosiyob, Surxondaryodagi Dalvarzintepa hamda Farg‘ona vodiysidagi Quva yodgorliklaridan topilgan shisha idishlarning tarkibiy nisbati Uzoq Sharq mamlakatlari, jumladan, Yaponiyadagi Nara davriga oid Syosoin xazinasi hamda Yayoi davri qabrlaridan topilgan osori-atiqalar tarkibi bilan bir xil ekani aniqlandi.
Uzoq asrlar mobaynida sharqshunoslik fanida Xitoy va Yaponiya hududidan topilgan antik va ilk o‘rta asr shishalari faqat Rim yoki Vizantiya ustaxonalaridan keltirilgan, degan qarash hukm surib kelgan edi. Biroq yorug‘lik to‘lqinlari va miqdoriy kimyoviy tahlillar bu farazni o‘zgartirib yubordi. Rim va O‘rta yer dengizi shishalari asosan soda, ya’ni natron ma’dani yordamida eritilgan bo‘lsa, O‘zbekiston hududidagi shishasozlar cho‘l o‘simliklarining kulidan olingan ishqor asosida natriy-kaliy-kalsiy-silikatli tarkibni yaratgan edi. Tadqiqotchi A. Abdurazzoqov maxsus tahlillar vositasida Yaponiya orollari va Xitoyning Tan hamda Sun sulolalari davri markazlaridan topilgan qator idishlar tarkibida aynan Markaziy Osiyo xomashyosiga xos bo‘lgan magniy va kaliy oksidlarining yuqori miqdoriy ulushi mavjudligini ko‘rsatib berdi. Bu holat noyob buyumlar minglab chaqirim masofani bosib o‘tib, Tinch okeani sohillarigacha yetib borganini tabiiy-ilmiy asosda isbotladi.
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida joylashgan Dalvarzintepa shaharchasida kushonlar davriga oid qatlamlardan topilgan shisha qoldiqlari bu zaminda miloddan avvalgi birinchi asrlardan boshlab shisha ishlab chiqarish mustaqil yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Arxeologlar Dalvarzintepada nafaqat tayyor buyumlarni, balki shisha eritish jarayonining chiqindilari bo‘lgan shisha tomchilari, sopol qoliplar va ishlatilmagan yarim tayyor bo‘laklarni ham qayd etgan. Ushbu topilmalar mahalliy aholi faqat chetdan keltirilgan buyumlardan foydalanish bilan cheklanmasdan, o‘zlari qum va ma’danlardan shisha massasini pishirib olganini tasdiqlaydi. Ustalar Amudaryo havzasidagi kvars qumlarini maxsus loydan yasalgan kuchalarda (o‘tga chidamli idishlarda) 1100 darajadan ortiq haroratda eritib, unga turli rang beruvchi tabiiy ma’danlarni qo‘shgan.
Shishasozlikning kimyoviy murakkabligi uning rangini boshqarish san’atida ko‘zga tashlanadi. Mahalliy ustalar oddiy shishani shaffoflashtirish yoki aksincha, qimmatbaho toshlarga o‘xshatib bo‘yash bo‘yicha o‘ziga xos tarkibiy nisbatlarni ishlab chiqqan edi. A. Abdurazzoqov qayd etganidek, moviy va to‘q ko‘k rang olish maqsadida kobalt hamda mis birikmalari, zangori tuslar uchun temir oksidlari, shaffoflashtirish uchun esa marganets va surma ma’danlari muayyan me’yorda aralashtirilgan. Qadimgi dunyoda bunday kimyoviy muvozanatni saqlash va haroratni xumdon ichida bir maromda ushlab turish jiddiy tajribani talab qilgan. Shu bois, Markaziy Osiyo shishasi o‘zining mustahkamligi, yorug‘likni chiroyli sindirishi va ranglar jilosi bilan qo‘shni xalqlar orasida yuksak baholangan.
Samarqandning Afrosiyob tepaligida ochilgan shishasozlik ustaxonalari esa hunarmandchilikning keyingi, yanada yuqori bosqichini namoyon etadi. To‘qqizinchi va o‘ninchi asrlarga oid qatlamlardan topilgan yuzlab kimyoviy va dorivor idishlar, nafis qadahlar, devor va deraza oynalari Samarqandning yirik hunarmandchilik va savdo markazi bo‘lganini dalillaydi. Mahalliy hunarmandlar puflash naychasi vositasida shakl berish usulini shu darajada takomillashtirgan ediki, devorlari qog‘ozdek yupqa, ammo kundalik ishlatishga bardoshli kosalar va ko‘zachalar yaratilgan. Ushbu idishlarning tubida puflash naychasidan qolgan o‘ziga xos izlar saqlanib qolgan bo‘lib, ular buyumlar qo‘lda va yuksak did bilan ishlanganini anglatadi.
Savdo karvonlari mazkur nafis mahsulotlarni quruqlik yo‘llari orqali Sharqiy Turkiston, so‘ngra Xitoyning qadimiy poytaxti Chan’an shahriga yetkazib bergan. U yerdan esa ushbu buyumlar dengiz yo‘llari orqali Indoneziya orollar majmuasiga hamda Yaponiyaning Nara va Kioto shaharlaridagi aslzodalar qo‘liga borib tushgan. O‘sha davrda shisha idishlar Uzoq Sharqda oltin va kumush bilan teng ko‘rilgan, chunki u yerlarda bunday kimyoviy tarkib va puflash usuli uzoq vaqt mobaynida sir bo‘lib qolgan edi. Shu sababli mahalliy shishasozlik namunalari xorijiy o‘lkalarda hukmdorlararo hadya va qimmatbaho elchilik tortig‘i sifatida qabul qilingan.
O‘zbekiston hududida faoliyat yuritgan shishasozlik ustaxonalari nafaqat mahalliy ehtiyojni qondirgan, balki xalqaro savdo va madaniy aloqalar tizimida muhim o‘rin egallagan. Olib borilgan tahlilxona sinovlari qadimgi ustalarning moddalar xossalarini chuqur bilganini, xomashyoni qayta ishlash bo‘yicha o‘ziga xos mezonlarni shakllantirganini ko‘rsatadi. Arxeologik qazishmalardan olingan kimyoviy dalillar o‘rta asr shaharlarida ilm-fan va amaliy hunarmandlik uyg‘un taraqqiy etganini isbotlab turibdi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA