Inson huquqlari ta’minlanishi monitoring qilindi
Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ayniqsa, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bunday joylarda saqlash sharoitlarining belgilangan talablarga muvofiqligi, tibbiy yordam va huquqiy himoya kafolatlarining ta’minlangani muntazam monitoring qilib borilishini taqozo etadi.
Shu maqsadda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) boshchiligida Angren shahridagi bir qator maxsus muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirildi. Jumladan, Angren shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filiali hamda mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha shaharlararo punkti — hushyorxonadagi sharoitlar o‘rganildi.
Monitoring jarayonida muassasalardagi kameralar sharoiti, jihozlar, yotoq joylari, ovqatlanish va tibbiy xizmat ko‘rsatish tartibi, zarur dori vositalari bilan ta’minlanganlik, yuvinish hamda sanitariya-gigiyena holati ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, vaqtincha saqlash hibsxonasida shaxslarning advokat bilan uchrashishi va murojaat qilish imkoniyatlari ham o‘rganildi. Muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilindi.
Angren shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi 2022-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 51 nafar shaxsni saqlashga mo‘ljallangan. Monitoring o‘tkazilgan kuni muassasada 38 nafar shaxs saqlanayotgani aniqlandi. Muassasada saqlanayotgan shaxslarning sud majlislarida masofadan ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Shu bilan birga, tergov xonasi videokuzatuv kamerasi bilan jihozlanmagani aniqlanib, mazkur kamchilik tezkorlik bilan bartaraf etildi.
[gallery-31381]
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida bemorlarning yashash va ovqatlanish sharoitlarida qator kamchiliklar qayd etildi. Filial ma’muriyati mazkur ob’ektni Toshkent viloyatining Nurafshon shahriga ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Angren shahrida mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti eski binoda joylashgani va xonalar ta’mirtalab holatda ekani aniqlandi. Monitoring yakunlari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsman ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi belgilandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari yakunlari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnoma, talabnoma va xulosa shaklida jami 23 ta ta’sir chorasi kiritilgan.
A.Musayev, A.Alijonov, O‘zA