Sergey Xitoyda, Layma Ispaniyada chempion bo‘lmoqchi
Shu hafta Xitoy va Ispaniyada tennis bo‘yicha erkaklar hamda ayollar o‘rtasida nufuzli musobaqalar bo‘lib o‘tadi. Quvonarlisi, ushbu turnirlarda mamlakatimiz sharafini Sergey Fomin va Layma Vladson himoya qiladi.
Xususan, Shanxay shahrida erkaklar o‘rtasida 13-sentyabrga qadar o‘tadigan “Challenger 100” turkumiga kiruvchi “Rolex Shanghai Masters” turnirida Sergey Fomin yakkalik bahslarining asosiy to‘rida ishtirok etmoqda. Tennischimiz ilk davrada mezbonlar vakili Chjou Iga qarshi kortga chiqadi.
Ispaniyaning Reus shahrida o‘tkazilayotgan ayollar o‘rtasidagi ITF turnirida esa hamyurtimiz Layma Vladson o‘z ishtirokini saralash bosqichidan boshladi. Mukofot jamg‘armasi 30 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi turnirda Layma dastlabki bahsini ispaniyalik Ares Teyxido Garsiyaga qarshi o‘tkazib, yakunda 6:2, 5:7, 10:8 hisobida g‘alaba qozondi.
Endi Layma Vladson asosiy to‘rning birinchi davrasi yo‘llanmasi uchun saralash finalida Buyuk Britaniya vakili Letisiya Romanovaga qarshi o‘ynaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA