Sergelidagi zamonaviy xususiy klinikada aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda sohaga investitsiyalar jalb etish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, xususiy sektor faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Poytaxtimizning Sergeli tumanida faoliyat yuritayotgan “Global International Hospital” xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ana shunday zamonaviy tibbiyot muassasalaridan biri sanaladi. Ayni paytda markaz aholiga talab yuqori bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Tibbiyot markazini barpo etish uchun 30 million AQSH dollari miqdorida investitsiya yo‘naltirilgan. Umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lgan muassasada yiliga 150 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan. Shu bilan birga, bu yerda yillik xizmatlar hajmini 15 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
Markazda jarrohlik, reanimatsiya va davolash bo‘limlari, shuningdek, situatsion markaz faoliyati uchun keng va zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan. Jamoada xorijda malaka oshirgan 10 nafardan ziyod yuqori malakali mutaxassislar, shuningdek, chet ellik shifokorlar mehnat qilmoqda.
Tibbiyot muassasasi Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Xususan, bu yerga PHILIPS kompaniyasining ilg‘or tibbiy texnologiyalari o‘rnatilgani diagnostika va davolash jarayonlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-30256]
Ta’kidlash joizki, sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tibbiyot tashkilotlari sonini ko‘paytirish hamda aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi zamonaviy markazlar esa tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi sifatida aholiga munosib xizmat ko‘rsatishga xizmat qilmoqda.
Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA