Sergelida jinoyatchilik 8 foizga kamaydi
Prezidentimizning “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Bojxona qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahrining Sergeli tumanida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi muammolarini tizimli hal etish maqsadida Bojxona qo‘mitasi, tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar, soliq hamda boshqa tegishli idoralar vakillaridan iborat maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shu munosabat bilan tumanda joriy yil boshidan buyon amalga oshirilgan ishlar va ularning dastlabki natijalari bilan ommaviy axborot vositalari va blogerlarni yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Press-tur davomida Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Choriyev hamda Sergeli tumani hokimi D.Ismatov ishtirokchilarga amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir ishtirokchilari Sergeli avtomashina bozorida tashkil etilayotgan “Situatsion markaz” faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Yangi Bunyodobod mahallasidagi yoshlar kutubxonasida narkojinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirida ishtirok etdi.
Bundan tashqari, Ittifoq mahallasida barpo etilayotgan “Yangi Sergeli” 24/7 ko‘chasi hamda “Ko‘hna Qumariq” mahallasida yaqinda ta’mirlangan markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika faoliyati namoyish etildi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan — o‘quvchilarning kanal ustidagi quvur orqali harakatlangani bilan bog‘liq holatdan so‘ng Jo‘nariq mahallasida qurilayotgan ko‘prik inshooti ham jurnalistlarga ko‘rsatildi.
Ayni paytda tumandagi 46 ta mahallada 150 nafardan ziyod bojxona xodimi “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish va kriminogen vaziyatni yumshatish bo‘yicha faoliyat olib bormoqda.
Bojxona xodimlari 6 ta ishchi guruhga bo‘lingan holda jinoyatchilikni kamaytirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ijtimoiy ob’ektlar va infratuzilmani raqamlashtirish hamda muammolarga ilmiy yechim topish yo‘nalishlarida ish olib bormoqda.

Shuningdek, Bojxona instituti tomonidan tumandagi 25 ta umumta’lim maktabida yoshlarni giyohvandlik, jinoyatchilik va boshqa salbiy illatlardan asrashga qaratilgan profilaktik targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahallalarda jami 173 ta jinoyat aniqlangan. Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni 8 foizga kamaygan, jinoyatlarni fosh etish ko‘rsatkichi esa 1,5 barobarga oshgan.
Tumanda narkojinoyatlarga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. Natijada bu turdagi jinoyatlar fosh etilishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 taga ko‘paygan.

Xususan, Sofdil va Bunyodobod mahallalarida xonadonlarda tashkil etilgan ikkita “narkolaboratoriya” faoliyatiga chek qo‘yilib, 6 kilogrammdan ziyod giyohvandlik vositalari hamda 40 kilogramm kuchli ta’sir qiluvchi moddalar daliliy ashyo sifatida olindi.
Shuningdek, 6,4 milliard so‘mlik 110 ming dona dori vositalari va tibbiyot buyumlari, 2 milliard so‘mlik 13,6 ming dona biologik faol qo‘shimchalar, 2,1 million quti tamaki mahsulotlari, 2 tonnaga yaqin iste’molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari ushlab qolindi.
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish maqsadida soliq organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan monitoring va profilaktik tadbirlar natijasida qariyb 1,9 ming nafar yangi tadbirkor ro‘yxatdan o‘tkazildi, 2023 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida rasmiylashtirildi.

Tumandagi bozorlar va yirik savdo komplekslarida 374 milliard so‘mlik tushum ta’minlanib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 foizga oshgan. Qariyb 4 ming tadbirkor tomonidan byudjetga 2,9 trillion so‘m tushum yo‘naltirilib, o‘sish 13 foizni tashkil etgan.
–Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, bojxona xodimlari tashabbusi bilan 1061 nafar fuqaroga ijtimoiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatildi, – deydi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati bosh inspektori Aziz Saidkulov. – Jumladan, 90 nafar fuqaro nogironlik aravachalari, dori-darmon, tikuv mashinalari va qurilish materiallari bilan ta’minlandi. 35 nafar fuqaroga 298 million so‘mlik bank kreditlarini olishda ko‘mak berildi.

134 nafar fuqaroning fuqaroligi rasmiylashtirildi. 4 ta bog‘cha, 1 ta maktab, 1 ta poliklinika, 4 ta xonadon va 1 ta mahalla binosining isitish tizimi ta’mirlandi. 6 ta liftdagi nosozlik bartaraf etildi va yana 5 ta yangi lift o‘rnatish ishlari boshlandi. 133 ta nizoli oila yarashtirildi.
Shu bilan birga, tumandagi 46 ta mahallada mavjud 1569 ta videokuzatuv kamerasi va videoserverlar o‘rganilib, 782 ta nosoz qurilma qayta tiklandi. Qo‘shimcha ravishda 375 ta “Face ID” kamerasi o‘rnatilib, ular Ichki ishlar vazirligining “Qalqon” axborot tizimiga integratsiya qilindi.
Sergeli tumani mahallalarida xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA