Ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi (+video)
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “Ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishdagi ilg‘or xorijiy va milliy tajribalar” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman ichki ishlar organlari tizimida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi mavjud tajribalarni tahlil qilish, ilg‘or milliy va xorijiy yondashuvlarni o‘rganish hamda ta’lim jarayoniga tatbiq etish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, bugungi globallashuv sharoitida huquq-tartibotni ta’minlash sohasiga qo‘yilayotgan talablar tobora ortib bormoqda. Shu bois ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligi, huquqiy bilimi, psixologik barqarorligi va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Konferensiya doirasida ishtirokchilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashning xalqaro standartlari, ta’lim sifatini oshirish mexanizmlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini raqamlashtirish, amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini yuksaltirish hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.
Muhokamalar jarayonida ilg‘or xorijiy tajribalarni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish, sohaviy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish va kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida konferensiya ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr va tavsiyalar ichki ishlar organlari uchun raqobatbardosh, yuksak kasbiy salohiyatga ega kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Ilmiy-amaliy anjuman sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va o‘zaro tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Konferensiyada ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar, kelgusida Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirsh va qayta tayyorlashda o‘zining ijobiy samarasini beradi.
Muhayyo Turdaliyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA