Senatorlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi
Senat yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. O‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganini qayd etdi.
Qonun bilan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 harf va 3 harflar birikmasi o‘rniga 28 harf va 1 tutuq belgisidan tashkil topishini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Yangi tahrirdagi alifboga o‘tish jarayonida fuqarolar va tashkilotlarning huquq va manfaatlarini inobatga olish maqsadida qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilinmasligi belgilanmoqda. Davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlardan esa ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.

Qonun muhokamasi jarayonida senatorlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq savollar bilan mutasaddilarga yuzlandi. Senator Husan Ermatovning “Yangi harflarni ishlatishda texnik muammolar bo‘lmaydimi?” kabi savoliga Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Nurillo Abdullayev javob berib, bu borada yagona texnik standart ishlab chiqilayotganini, bazalar auditdan o‘tkazilayotgani, yangi harflar bilan bog‘liq qidiruv mexanizmlari takomillashtirilayotganini ta’kidladi.

Senatorlar ma’qullagan qonun lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish, davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, o‘zbek tilini raqamlashtirish jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA