Senat: sud ishlarini hal etishga aralashganlik jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Zumrad Bekatova mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash va fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi Biroq, tahlillarga ko‘ra, sudlar faoliyatiga tashqaridan aralashish holatlari hamon kuzatilmoqda.

Yangi konstitutsiyaviy normalarni hayotga tatbiq etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun bilan ikkita kodeksga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar bilan sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari aniqlashtirilmoqda.
Sud binosida tartibni buzish va sudga hurmatsizlik qilish bilan bog‘liq harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Qonun avvalroq Senat tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar mavjudligi sababli Qonunchilik palatasiga qaytarilgan edi. Kelishuv komissiyasi doirasida ushbu e’tirozlar ko‘rib chiqilib, qonun takomiliga yetkazildi. Qonunda faqat eng dolzarb masala – sud mustaqilligini ta’minlovchi moddalar qoldirildi.

Senatorlar ma’qullagan qonun sudyalarning daxlsizligini ta’minlash, ularning faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvlarning oldini olish va odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA