Yosh kitobxonlar intellektual bellashuvda sinovdan o‘tdi
Sirdaryo viloyatida “Eng faol yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashi hamda Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda viloyatning turli hududlari va sohalaridan saralangan 25 nafar yosh ishchi-xodim ishtirok etdi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi. Ishtirokchilar “Zukkolik sinovi” hamda “Erkin so‘z va intellekt” shartlari bo‘yicha bellashib, adabiyot, kitobxonlik va umumiy bilimlar, shuningdek, tahliliy fikrlash va nutq madaniyati borasidagi salohiyatlarini namoyon etishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali laboratoriya xodimi Sarvinoz Muxtorova birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin mazkur ta’lim muassasasining Iqtisodiyot va ijtimoiy fanlar kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi Murodjon Ermatovga nasib etdi. Uchinchi o‘rin Sirdaryo tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisiga berildi.

Ma’lum qilinishicha, tanlovning tuman, shahar va tarmoq bosqichlari joriy yilning mart–may oylarida o‘tkazilgan bo‘lib, ularda mingga yaqin yosh ishchi-xodimlar ishtirok etishgan.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashi raisi Rustambek Tursunmuradov mazkur tanlovlar yoshlarni kitob mutolaasiga keng jalb etish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari, faol ishtirokchilarga esa tashakkurnomalar topshirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA