Senat Raisi: Rahbar faoliyatining eng muhim bahosi odamlarning roziligi va ishonchidir
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi "Rahbar ayollar" qayta tayyorlash ta’lim dasturi tinglovchilari uchun mahorat darsi o‘tkazdi.
Mazkur dastur xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning rahbarlik salohiyatini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan. Ayni paytda ushbu dastur bo‘yicha 50 nafar istiqbolli ayol rahbar tahsil olmoqda.
Mahorat darsida davlat boshqaruvi, parlament faoliyati, qonun ustuvorligini ta’minlash, jamoatchilik bilan samarali muloqot o‘rnatish, qaror qabul qilishda mas’uliyat va ochiqlik tamoyillariga amal qilish masalalariga e’tibor qaratildi.
Jamiyatda rahbar ayollar sonini ko‘paytirish, mehnat jamoalarida ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratilishi bilan birga, mas’uliyat ham bir xil bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi. Rahbar faoliyatining eng muhim bahosi – odamlarning roziligi va ishonchidir. “Rahbar ayollar” dasturi esa yangi bilim va boshqaruv ko‘nikmalarini egallab, o‘z salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida amaliy natijaga aylantirish uchun muhim imkoniyat maydoni ekanligi qayd etildi.

Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini yanada oshirish, zamonaviy rahbar uchun zarur bo‘lgan strategik fikrlash, tashabbuskorlik, jamoani boshqarish va mas’uliyatli qarorlar qabul qilish ko‘nikmalari yuzasidan fikr almashildi.
Aytib o‘tish kerakki, T.Norboyevaning parlament va davlat boshqaruvidagi ko‘p yillik tajribasi, qonun ijodkorligi hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi amaliy faoliyati dastur tinglovchilari uchun muhim mahorat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Mahorat darsi yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi hamda davlat boshqaruvida samarali rahbarlik bo‘yicha amaliy tavsiyalarga ega bo‘ldi.
N.Abduraimova, O‘zA