Samarqandlik shifokorlar Xitoyda malaka oshirmoqda
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida Xitoy Xalq Respublikasidan tibbiyot mutaxassislari delegatsiyasi, xususan, Sian xalqaro shifoxonasi direktori o‘rinbosari Chjan Peyjen bilun uchrashuv o‘tkazildi.
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi Sian shahridagi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Viloyat tibbiyoti mas’ullarining yil boshida Xitoyga safari davomida erishilgan kelishuvga ko‘ra, samarqandlik mutaxassislarning zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o‘rganish uchun Siandagi klinikalarda tajriba almashish va malaka oshirishga yuborishga kelishilgan edi. Ana shu kelishuv asosida shu paytgacha 50 nafar tibbiyot xodimi Xitoyda malaka oshirib, ilg‘or tajribalarni o‘rganib keldi.
Sianlik mehmonlar bilan uchrashuvda Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyev hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganini qayd etib, ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak uchun hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Muloqot davomida ikki mamlakat tibbiyot mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvini kuchaytirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalar va ilg‘or klinik yondashuvlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Yil yakuniga qadar yana 50 nafar samarqandlik shifokorlarning Xitoyda malaka oshirishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Sian xalqaro shifoxonasi vakillari Samarqanddagi bir qator tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri