Senat Raisi: bolalarga nisbatan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarur
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala bo‘yicha munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimizning e’tibor va sa’y-harakatlari natijasida mamlakatimizda bolalar manfaatlarini ta’minlash borasida zarur tashkiliy-huquqiy va institutsional shart-sharoitlar yaratilib, qonunchilik bazasi izchil mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
– Mazkur qonun, birinchi navbatda, Bolalar ombudsmani faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash va uning samarali ish olib borishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan, - dedi T.Norboyeva. – Shu bilan birga, mazkur tuzilmaning mas’uliyatini ham oshirish lozim. Zero, qonunning yagona maqsadi – mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirishdan iborat. Umuman, bola huquqlari va manfaatlariga daxldor biron-bir masala Bolalar ombudsmanining diqqat-e’tiboridan chetda qolmasligi kerak. Parlament nazoratining to‘laqonli sub’ekti sifatida Bolalar ombudsmani nazorat-tahlil faoliyatini yanada kuchaytirishi, mutasaddi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni yanada ilgari surishi lozim. Nafaqat Bolalar ombudsmani, balki barcha darajadagi vakillik va ijro organlari bolalarga nisbatan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish, ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tizimli ish olib borishi zarur. Ya’ni, huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin chora ko‘rish bilan cheklanib qolmasdan, profilaktika ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhaqim Eshmurodov qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni takomillashtirish, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning parlament bilan bog‘liq faoliyatini tartibga solish, uning voyaga yetmaganlar jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish, sud hamda jinoiy jazolarni ijro etish jarayonlaridagi rolini oshirishga doir o‘zgartirishlar kiritilayotganini qayd etdi.
Senatorlar ma’qullagan qonun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyatini yanada takomillashtirishga, inson huquqlarini, shu jumladan, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA