Senat Raisi: Korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylanishi kerak
Senat yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala bo‘yicha Senat Raisi Tanzila Norboyeva munosabat bildirdi:
– Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikning muhim shartidir. – Davlatimiz rahbari boshchiligida korrupsiyaga sharoit yaratib berayotgan tizimli sabab va omillarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Ayniqsa, o‘tgan yildan boshlab bu boradagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Hududlar va quyi tizimlarga e’tibor kuchaytirildi. Milliy ma’ruzada amalga oshirilgan ishlar aniq raqam va misollar asosida ochib berilgan. Unda korrupsiyaning oldini olish, mas’uliyatni kuchaytirish zarur bo‘lgan sohalar va hududlar alohida qayd etilgan. Jumladan, Andijon, Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlari, ta’lim, tibbiyot, hokimliklar va bank tizimidagi holatlarga e’tibor qaratilgan.
O‘tgan yilda 7 ming 517 nafar shaxs korrupsiyada ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu 2024-yilga nisbatan 200 nafarga ko‘p. Ushbu salbiy ko‘rsatkichlar hudud va soha rahbarlarini, korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat uchun mas’ul tuzilmalarni jiddiy tashvishga solishi va amaliy harakatlarga undashi lozim.
Ko‘rilayotgan tizimli choralarga qaramasdan, norma ijodkorligida korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘yish holatlari hamon uchramoqda. O‘tgan yili korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilgan 2 ming 233 normativ-huquqiy hujjat loyihasining 560 tasida korrupsiyaviy omillar aniqlangan. Bu holat tegishli sohalarning birinchi rahbarlaridan jiddiy choralar ko‘rishni talab etadi.
Korrupsiyaviy omillarga ega hujjatlar eng ko‘p aniqlangan sohalar qatorida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi kabi tashkilotlar qayd etilgan.
Bu masalada faqat tanqid bilan cheklanib qolmaslik kerak. Vazirlik va idoralarda norma ijodkorligi uchun mas’ul xodimlarni o‘qitish, ularga metodik va amaliy yordam ko‘rsatish zarur.
Korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha mas’ul mansabdor shaxslarning javobgarligini ta’minlash yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish lozim. Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan qisqa muddatlarda bu borada aniq taklif va mexanizmlar ishlab chiqish kutiladi.
Ayrim tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani ham kuzatilmoqda. Jumladan, “O‘zsuvqurilish”, “Toshkent Invest Kompaniyasi”, “O‘zbekekspertiza”, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Ko‘prikqurilish”, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, “UzAssets” investitsiya kabi kompaniyalarda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari qoniqarsiz, deb baholangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi va ochiqlik darajasini reyting baholash natijalariga ko‘ra past ko‘rsatkich qayd etgan tashkilotlar Senatning mas’ul qo‘mitalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa mas’ul idoralarning doimiy e’tiborida bo‘lishi kerak.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ochiqlik indeksida “qizil” toifaga kirgan davlat organlari va hududlar bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqishi, ularning ijrosi yuzasidan ma’lumotlarni har chorak yakuni bo‘yicha Milliy kengashga kiritib borishi zarur.
Soha va tarmoqlarda komplayens nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani korrupsiyaviy omillarni aniqlashda muhim natija bermoqda. Biroq, bu tizim hali dastlabki bosqichda. Shu bois, uning samaradorligini yanada oshirish talab etiladi.
Komplayens xizmati xodimlari uchun minimal talablar va namunaviy nizomni takomillashtirish bilan birga, ularning faoliyatini baholash mezonlarini, jumladan, KPI tizimini ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal soha, mahalliy hokimliklar va bank tizimidagi komplayens nazorat tuzilmalari faoliyatiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi tomonidan aniqlangan qonunbuzilishlar, kiritilgan taqdimnomalar va ularning ijrosini yagona elektron monitoring tizimi orqali nazorat qilishni yo‘lga qo‘yish zarur.
Umuman olganda, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylanishi kerak. Bu vazifani faqat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga yuklab qo‘yish mumkin emas. Agentlik muvofiqlashtiradi, umumlashtiradi, amaliy yordam ko‘rsatadi va choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Ammo bu jarayonda parlament, mahalliy kengashlar, ijro organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoatchilik faol ishtirok etishi lozim.
Prokuratura, ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar asosan korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashadi. Biz esa, avvalo, uning oldini olishga qaratilgan choralarni kuchaytirishimiz kerak. Iloji boricha, muammoni huquq-tartibot organlariga yetib borishidan oldin bartaraf etishga harakat qilishimiz zarur.
Shu o‘rinda mahalliy kengashlarga yana bir bor murojaat qilmoqchiman. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi hududlarda muntazam ish olib borayotgan bir paytda, viloyat va tuman kengashlari ham bu masalaga e’tiborni kuchaytirishi zarur.
Zero, korrupsiyaga qarshi kurashishda barchamiz birgalikda harakat qilsakkina, aniq natijaga erisha olamiz.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
yozib oldi