Sayyor qabulda 50 ga yaqin murojaat ijobiy hal etildi
Bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Xususan, Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnozaxon Kattaxonova ayollar bilan tizimli va samarali muloqot tashkil etish, ularning muammolarini tinglashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, D.Kattaxonova boshchiligida Sirdaryo viloyatidagi xotin-qizlar bilan sayyor qabul o‘tkazildi. Muloqotda qator vazirlik va idoralar, shuningdek, viloyat mutasaddilari qatnashib, fuqarolarning bevosita murojaatlarini o‘rgandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan qabulda 96 nafar fuqaro o‘zini qiynayotgan ijtimoiy-huquqiy masalalar yuzasidan murojaat qildi. Ko‘tarilgan har bir masala mutasaddilar ishtirokida tahlil qilinib, 50 ga yaqin murojaat shu yerning o‘zida ijobiy yechim topdi.

Xususan, og‘ir kasallikka chalinganlarga davolanish uchun ko‘mak berish, ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash, uy-joy ta’miri va tadbirkorlikni boshlash kabi bir qator muammolar joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va ma’lum vaqt talab etadigan murojaatlarni ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Qayd etilganidek, bu kabi ochiq muloqot va sayyor qabullar boshqa hududlarda ham davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA