Sayyor qabul: va’dalar va’daligicha qolmaydimi? (+video)
“Uzbekistan Airways” respublikaning barcha hududlarida yo‘lovchilar muammolariga yechim topish, ularning taklif va fikrlarini o‘rganish hamda xizmatlar sifatini yaxshilash uchun viloyatlarda sayyor qabullar o‘tkazmoqda.
Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda Savdo-sanoat palatasi, Turizm, Yoshlar ishlari agentligi hududiy boshqarmalari, jismoniy va yuridik shaxslar, aviachiptalar sotuvchi agentlar, sayyohlik kompaniyalari, tadbirkorlik sub’ektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Unda aviatashuvlar jahon tajribasi asosida takomillashuvni talab qiladigan, yo‘lovchi va yuk tashish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari “Uzbekistan Airways” AJ guruhiga kiruvchi "Silk Avia" aviakompaniyasi negizida aviatashuvlar ichki bozorining rivojlanishi haqida ham batafsil ma’lumot olishdi.

–O‘zbekiston Respublikasi ichidagi aviaqatnovlarni ko‘paytirish va fuqarolarning havo transportida harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish aviakompaniya oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi, –deb ta’kidladi “Uzbekistan Airways” AJ mutasaddilari.

Sayyohlik firmasi vakillari ichki turizmga katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda talab yuqori bo‘lgan Farg‘onadan Xorazm, Buxoro, Samarqandga ichki reyslarni yo‘lga qo‘yish hamon paysalga solinayotganini aytdilar. Afsuski, bu masala 2025-yilda bo‘lib o‘tgan shu kabi sayyor qabulda ham ko‘tarilgan edi. O‘shanda ham “Uzbekistan Airways” vakillari bu yo‘nalishlar bo‘yicha reyslar qo‘yilishiga va’da bergan edilar. Ammo...

Tadbir ishtirokchilari “Uzbekistan Airways” aksionerlik jamiyati guruhiga kiruvchi "Silk Avia" aviakompaniyasi negizida aviatashuvlar va ichki bozorning rivojlanishi haqida ham batafsil ma’lumot oldilar. Ishtirokchilar chiptalar sotilishini yanada shaffoflashtirish va bu borada qulaylik yaratish, shuningdek, bort kuzatuvchisi bo‘lish istagidagi yigit-qizlarni ishga joylashtirish masalasida ham murojaat qildilar.



Uchrashuvda ta’kidlanishicha, aviakompaniya Turin va Transport universiteti bilan kadrlar tayyorlashda 2+2 ko‘rinishida hamkorlik qilib kelmoqda. Sayyor qabuldagi murojaatlarni aviakompaniyaning tegishli mutasaddilari o‘rganib chiqishlari aytildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Nks5VaNyEgY" title="Sayyor qabul: va’dalar va’daligicha qolmaydimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA