Toshkent davlat transport universiteti iqtidorli talabalari taqdirlandi
Toshkent davlat transport universitetida iqtidorli talabalar va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning erishib kelayotgan yutuqlarini keng targ‘ib etish maqsadida tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘z olgan universitet rektori Abdulaziz G‘ulomov va boshqalar mazkur yutuqlarning ahamiyatini ta’kidlab, talaba-yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishi, izlanuvchanligi va faolligi universitet taraqqiyotida muhim o‘rin tutishini alohida qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, Prezident davlat stipendiyalari sovrindorlari orasidagi talabalarning yuqori bilim va izchil mehnati universitetdagi ta’lim sifati hamda talabalar salohiyati yuksalayotganini yaqqol namoyon etdi. Ularning erishgan yutuqlari nafaqat shaxsiy sa’y-harakatlar natijasi, balki ilm-fan va ta’limga berilayotgan keng e’tiborning amaliy ifodasi sifatida ham baholanmoqda.

Tadbir davomida bilimlilik, tashabbuskorlik va faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etayotgan yoshlar alohida rag‘batlantirildi. Shu bilan birga, universitetda iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi izchil ravishda rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Taqdirlash jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalari sovrindorlari, universitet rektori stipendiyasi sohiblari, transport vaziri stipendiyasi g‘oliblari, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi stipendiyasi sohiblari, xalqaro va respublika miqyosidagi olimpiada hamda tanlovlar g‘oliblari, “Oliygoh kubogi - 2026” tanlovi g‘oliblari hamda universitet liderlari munosib e’tirof etildi.

Shuningdek, Toshkent davlat transport universiteti va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida tashkil etilgan xalqaro seminar-trening dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etgan talabalar ham alohida taqdirlandi. Bu esa universitetda xalqaro hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Tadbir yakunida barcha taqdirlangan talabalarga diplomlar, esdalik sovg‘alari hamda qimmatbaho mukofotlar topshirildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA