Sayilgoh va Sado ko‘chalarida suv muammosi qachon hal etiladi? (+ video)
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani “Pastki So‘loqli” mahalla fuqarolar yig‘inining Sayilgoh va“Sado ko‘chalarida yashovchi aholi ko‘p yillardan buyon toza ichimlik suvi muammosidan aziyat chekmoqda. O‘zAga murojaat qilgan fuqarolarning aytishicha, bu borada turli idoralarga bir necha bor murojaat qilingan, ammo muammo hanuz yechimini topmagan.
Murojaatda qayd etilishicha, mazkur ikki ko‘chadagi xonadonlar ham davlat dasturi asosida mahallada ishga tushirilgan artezian qudug‘i tarmog‘iga ulanishi kerak bo‘lgan. Biroq ko‘chalar suv tarmog‘isiz qolib ketgan.
Fuqarolarning bildirishicha, 2023-yilda Prezident Virtual qabulxonasi orqali qilingan murojaatdan so‘ng 1,6 kilometr suv tarmog‘i qurilishi ma’lum qilingan. Ammo oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramay, aholi hanuz quduq suvidan yoki sotib olingan suvdan foydalanmoqda.
Biz – O‘zA muxbirlari murojaatni joyiga chiqib o‘rgandik. Haqiqatdan ham bu ikki ko‘chada markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘i yo‘qligi tasdiqlandi. Holat foto va video tasvirlarga olindi.
Murojaatni joyida o‘rganish uchun Sharof Rashidov tuman suv ta’minoti aksiyadorlik jamiyati rahbari Ma’ruf Ibragimov hamda “Pastki So‘loqli” MFY raisi Dilmurod Ummatovni taklif qildik. Tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari Fayzulla Abdurahmonov esa bir necha bor qilingan qo‘ng‘iroqlarimizga qaramay, turli vajlar bilan uchrashuvda ishtirok etmadi.
– Mutaxassislarimiz kelib, hududni o‘rganib chiqqan, – deydi tuman suv ta’minoti aksiyadorlik jamiyati rahbari Ma’ruf Ibragimov. – Agar mahalla yoki hokimlik tomonidan quvur va zarur materiallar olib berilsa, biz texnika va mutaxassislar bilan suv tarmog‘ini tortish ishlariga ko‘maklashishga tayyormiz.
Mahalla raisi Dilmurod Ummatovning aytishicha, ilgari suv tarmog‘i tortilgan vaqtda bu ko‘chalarda xonadonlar to‘liq shakllanmagan.
– O‘tgan yili mahalla mablag‘i hisobidan suv tarmog‘i tortish rejalashtirilgan edi. Lekin mahalla binosini ta’mirlashga mablag‘ yo‘naltirildi, – deydi u. – Endi mahalliy soliqlar hisobidan tushadigan mablag‘lar evaziga joriy yil iyul oyi oxiriga qadar ushbu ko‘chalarga toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortib berishga mahalla raisi sifatida va’da beraman.
Biroq aholi bu kabi va’dalarni avval ham ko‘p eshitganini aytadi.
– Men bu mahallada 15 yildan beri yashayman. Hozirgacha quduq suvidan foydalanamiz, – deydi murojaatchilardan biri Zafar Achilov. – 50 dan ortiq oila quduq suvi yoki sotib olingan suvdan iste’mol qiladi. Bu suvning qanchalik xavfsiz ekanini hech kim aytolmaydi. Bir necha yillardan beri murojaat qilamiz, lekin har safar turli sabablar bilan ish kechiktiriladi.
[gallery-29315]
Darhaqiqat, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha Prezident qarorlari va davlat dasturlari qabul qilinib, joylarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgan bir paytda ayrim hududlarda eng dolzarb muammolarning yillab hal etilmay qolayotgani tashvishli holatdir.
“Pastki So‘loqli” mahalla fuqarolar yig‘ini rahbarlari bu safar va’dasiga vafo qiladi, degan umiddamiz. Aks holda O‘zA bu mavzuga yana qaytadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7L4qXY3AzGM" title="Sayilgoh va Sado ko`chalarida suv muammosi qachon hal etiladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A. Qayumov, J. Yorbekov (surat, video), O‘zA