Navoiyda “Media haftalik” yakunlandi
Navoiy viloyatida ommaviy axborot vositalari xodimlari, davlat organlari matbuot xizmatlari va kontent yaratuvchilar ishtirokida bo‘lib o‘tgan “Media haftalik” tadbirlari yakuniga yetdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilib, unda 200 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar amaliy keyslar tahlili, zamonaviy kontent yaratish usullari, axborot xavfsizligi, jurnalistikaning kasbiy etikasi hamda siyosiy jarayonlarni yoritishdagi mas’uliyati kabi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. Mashg‘ulotlar nazariya va amaliyot uyg‘unligida tashkil etildi.
Bosma va internet jurnalistlari uchun o‘tkazilgan sessiyalarda ekspertlar Nozima Toshpo‘latova va Ikrom Avvalboyev tomonidan ijtimoiy mas’uliyat, kasb etikasi, media qonunchiligi, huquqiy xavflar, siyosiy mavzularni yoritishda ijodiy yondashuv hamda reputatsiyani boshqarish masalalari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
– Gazetaning kelajagi haqida gap ketganda turlicha fikrlar bo‘ladi. Ayniqsa, hududiy gazetalar juda murakkab davrdan o‘tishyapti. Bu haqida pozitsiyalar turlicha, gazeta jurnalistlari uning qog‘oz versiyasi kerakligini aytishsa, ularning muassislari yangi formatlar tarafdori. Bu kabi suhbatlar deyarli barcha hududlarda bo‘ldi, – deydi ekspert N.Toshpo‘latova. – Ammo Navoiydagi mediahaftalik doirasida tashkil etilgan eng qiziq va jonli sessiyalardan biri “Debat” loyihasi bo‘ldi. Bu gal oddiy ma’ruza yoki rasmiy chiqish emas, haqiqiy “rollar almashinuvi”ni qildik. Jurnalist va matbuot kotibi bir-birini ko‘p tanqid qiladi, lekin bir-birining bosimini doim ham tushunib yetmaydi. Shuning uchun sessiyada gazetachilarni matbuot kotibi, matbuot kotiblarini esa jurnalist roliga qo‘ydik. Natija esa kutilgandan ham qiziq bo‘ldi. Shu vaqtgacha bosma nashrga rahbarlar e’tibori susayganidan xafa bo‘lgan ustoz jurnalistlar o‘z qarashlariga qarshi borib “gazeta davri o‘tdi, o‘zgaringlar, yangiliklar qilinglar” dedi.
“Gazetani hech kim o‘qimaydi”, degan fikrda yurgan matbuot kotiblari esa aynan feyklar ko‘paygan davrda tahlil, ishonchli va mas’uliyatli bosma jurnalistika yana qadrli bo‘lishini ta’kidladi. Menimcha, bu debatning eng katta yutug‘i – kimdir yutib, kimdir yutqazganida emas. Balki har ikki tomon bir-birining og‘rig‘ini his qilganida bo‘ldi. Chunki kuchli media bu faqat kuchli jurnalist emas. Kuchli kommunikatsiya, ochiqlik va o‘zaro tushunish hamdir. Debat kulminatsiyasida ana shu muloqot o‘rnatildi, o‘rtadagi ko‘prik mustahkamlangandek bo‘ldi.
Haftalik doirasida mahalliy televideniye va radio jurnalistlari uchun yangilik tayyorlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Unda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni xolis va tahliliy yoritish, davlat dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yoritish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. “Mening yurtim” telekanali jurnalisti Yulduz Olimova o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashib, siyosiy mavzularni qiziqarli va noodatiy formatda yoritish usullarini namoyish etdi.
Mashg‘ulotlar davomida kontent tayyorlash, reportaj ritmini to‘g‘ri shakllantirish, montaj jarayoni, kadrlar ketma-ketligi va vizual ifoda masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan zamonaviy media muhitida operator va montajchining roli, material sifatini oshirishdagi o‘rni haqida ham amaliy tavsiyalar berildi.
Bloger va mobilograflar uchun “Sun’iy intellekt davrida axborot maydoni himoyasi hamda blogerlarning raqamli gigiyenasi”, “Ishonchli manbalarni aniqlash uchun cheklist”, “Manbalardan soxta muvozanat yaratish uchun foydalanmaslik”, “Sub’ektiv va ob’ektiv chig‘irig‘i: fakt, fikr va manipulssiya” kabi mavzulardagi darslar tashkil etildi.
[gallery-29321]
Albatta, bugungi kunda axborot oqimining keskin o‘sishi, raqamli platformalarning kengayishi va sun’iy intellekt imkoniyatlarining ortishi sohada faoliyat olib borayotgan xodimlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bois, “Media haftalik” doirasida axborot xavfsizligi, feyk ma’lumotlarga qarshi kurash va raqamli muhitda ishonchli kontent yaratish masalalariga alohida urg‘u berildi.
– “Navoiy yoshlar televideniyesi” yaqinda tashkil etilgan, – deydi “Fidoiy yoshlar” teleklubi rahbari G‘ulom Sultonov. – Ayni paytda 50 nafarga yaqin yoshlarimiz kasting orqali tanlab olingan. Media sohasidagi mutaxassislar ishtirokida o‘tgan master-klasslar, interaktiv muloqotlar va amaliy mashg‘ulotlar yoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, ekspertlar Beruniy Alimov, Ro‘zimuhammad Yaxyoyev, Ulug‘bek Qurbonboyev, Dilnoza Qurbonova, Yulduz Olimova, Yulduz Fayziy va Hamza Jumayevlarning saboqlarini qiziqish bilan tingladi. Bu “Media haftalik” turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan media vakillarini bir maydonga jamlagan muhim va dolzarb platforma bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunday uchrashuvlar nafaqat tajriba almashish, balki yangi g‘oyalar paydo bo‘lishi, dolzarb masalalarni muhokama qilish va media sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun ham katta ahamiyatga ega. “Media haftalik” doirasidagi bu jarayonlar kelgusida yanada samarali va kreativ loyihalarning yuzaga kelishiga zamin yaratadi.
Haftalik mediaforum bilan yakunlandi. Unda so‘zga chiqqanlar “Media haftalik” bu shunchaki tadbir emas, balki g‘oyalar maydoni, imkoniyatlar eshigi va kelajak mediasini yaratayotgan yoshlar platformasi ekanini alohida ta’kidladi.
Media forum so‘nggida barcha ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan sertifikat topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA