Saxovat va birdamlik — inson qadrini ulug‘lovchi ezgu amal
Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Joylarda amalga oshirilayotgan manzilli yordamlar, xayrli tashabbus va saxovatli ishlar xalq manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi amaliy qadam sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham ana shunday ezgu ishlar izchil davom etmoqda. Jumladan, Jo‘qorg‘i Kenges deputati Murat Atamuratov tashabbusi bilan “Ishbilarmonlar hududi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Qurbonovlar oilasi uchun yangi zamonaviy xonadon barpo etilib, egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur xayrli tashabbus O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirildi. Dastur doirasida ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalarning turmush sharoitini yaxshilash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘rganishlar davomida Qurbonovlar oilasi istiqomat qilib kelayotgan bir xonali uy ancha eskirib, avariya holatiga kelib qolgani aniqlangan edi. Yomg‘irli va sovuq kunlarda yashash uchun noqulay bo‘lib qolgan ushbu xonadon oila a’zolari, ayniqsa, farzandlar uchun xavf tug‘dirayotgani inobatga olinib, ularga yangi uy qurib berishga qaror qilindi.
Qisqa muddat ichida qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, eski uy o‘rniga zamonaviy, shinam va keng to‘rt xonali uy barpo etildi. Yangi uy mahalla ahli, hasharchilar, partiya faollari va saxovatpesha insonlarning birdamligi hamda amaliy ko‘magi bilan bunyod etildi.
— Insonlarning og‘irini yengil qilish, ularning hayotiga quvonch olib kirish eng oliy qadriyat hisoblanadi. Bitta oila a’zolarining yuzidagi tabassum, farzandlarning quvonchi va ota-onaning duosi biz uchun eng katta mukofotdir. Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida bunday xayrli ishlar imkon doirasida izchil davom etadi, — deydi deputat Murat Atamuratov.
Bu kabi ezgu tashabbus yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi turmush farovonligini oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy islohotlarning yorqin ifodasidir. Eng muhimi, ehtiyojmand oilaning orzusi ushalib, ular bugun yangi va shinam xonadonda baxtli hayot kechirmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri