Saudiya Arabistoni delegatsiyasi O‘zbekistonning tibbiyotni raqamlashtirish tajribasi bilan tanishdi
Shu kunlarda yurtimizda bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni Podshohligi sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurahmon Al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiya poytaxtimizdagi “Uzinfocom” faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlarga mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yechimlarini tibbiyot amaliyotiga keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
E’tiborlisi, aynan shu manzilda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “SEHA Virtual Hospital”, O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Uzinfocom” hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamkorligida Xalqaro ko‘p tarmoqli virtual kardiologiya komissiyasi faoliyatiga start berildi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus ikki mamlakat o‘rtasida tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, murakkab klinik holatlarni yetakchi mahalliy va xalqaro mutaxassislar ishtirokida masofadan turib muhokama qilish hamda bemorga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
Tadbir doirasida komissiyaning ilk yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Unda raqamli texnologiya imkoniyatidan foydalangan holda kardiologik kasalliklarni tashxislash va davolashga oid murakkab klinik holatlarga oid masalalar yetakchi ekspertlar ishtirokida ko‘rib chiqildi.
[gallery-30585]
Dilshod Hakimov,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA