Konstitutsiyaviy sud qarorlari asosida sud ishlarini qayta ko‘rish tartibi belgilanmoqda
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz bilan fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda o‘zlariga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Shuningdek, sudlar tashabbusi bilan Oliy sud orqali Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishning huquqiy asoslari mustahkamlab qo‘yildi.
Parlament quyi palatasi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlarini Konstitutsiyaviy sud tomonidan himoya qilinishining takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mazkur konstitutsiyaviy yangiliklarni amalda to‘liq ro‘yobga chiqarish, Konstitutsiyaviy sud qarorlarining sud amaliyotida samarali ijrosini ta’minlash hamda buzilgan huquqlarni tiklashning aniq protsessual mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasiga ko‘ra, sudlar tashabbusi bilan Oliy sud tomonidan muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi masalasi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat kiritilganda, tegishli ish yurituvini to‘xtatish belgilanmoqda.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud muayyan ishda qo‘llanilgan qonunni Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topgan taqdirda sud hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishning mustaqil protsessual asosini belgilash nazarda tutilmoqda.
Konstitutsiyaviy sud qarorlari asosida sud ishlarini qayta ko‘rish va ish yuritishni qaytadan boshlash tartibi aniq belgilanmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi sud amaliyotida huquqiy aniqlikni ta’minlaydi, buzilgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni tiklash imkoniyatlarini kengaytiradi, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etadi
M.Komilova,
O‘zA