Saudiya Arabistoni 1 yillik ko‘p martalik umra vizasini joriy etdi
Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi umra ziyoratchilari uchun 365 kun (1 yil) amal qiladigan ko‘p martalik umra vizasi tartibini joriy etdi.
Yangi tartibga ko‘ra, ziyoratchilar bir yil davomida mamlakatga bir necha bor kirishlari mumkin. Biroq Saudiya Arabistonida bo‘lishning umumiy muddati 90 kundan oshmasligi lozim. Har bir safar oldidan Nusuk platformasi orqali mehmonxona, transport va boshqa xizmatlar tanlanib, umra ruxsatnomasi rasmiylashtirilishi shart.
Shuningdek, ushbu viza Haj mavsumida umra amallarini bajarish huquqini bermaydi. Agar ziyoratchi 90 kunlik limitdan to‘liq foydalansa, viza muddati tugashidan qat’i nazar, qayta kirish uchun yangi umra vizasini rasmiylashtirishi talab etiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA