Sanoat mutasaddilari oldiga yangi konlarni o‘zlashtirish vazifasi qo‘yildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Mamlakatimizda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi mavjud. “Surun-ota” konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan.
Ushbu kondan temir konsentrati 2027-yildan boshlab kombinatga yetkazib berilishi shartligi belgilandi.
Bundan tashqari, “Tebinbuloq” konini uch-to‘rt yilda ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini sotib olish bo‘yicha memorandum imzolangani qayd etilib, tez fursatda shartnomani rasmiylashtirish va kelgusi yildan xomashyo olib kelishni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Metallurgiya sohasidagi yirik xususiy korxonalar ham geologiya-qidiruv ishlari, konlardan xomashyo qazib olish va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Samarqanddagi korxona temir koni berilsa, xomashyo qazib olishga 500 million dollargacha sarmoya kiritish tashabbusini bildirgan. Bekobod metallurgiya kombinati esa xomashyo bazasini kengaytirish uchun Forishdagi 32 million tonna temir resursiga ega “Temirkon”ni o‘zlashtirishni so‘ragan.
Prezidentimiz buning uchun sharoit yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.
O‘zA