Metallurgiya sanoatida raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Davlatimiz rahbari Olmaliq kombinatida sun’iy intellekt orqali operatsion xarajatlar, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha natijalar borligini qayd etdi.
Masalan, samosvallarga onlayn kuzatuv vositasi o‘rnatilib, sun’iy intellekt orqali optimal marshrut tanlangani hisobiga 1,5 ming tonna dizel yoqilg‘isi yoki 22 milliard so‘m tejalgan. Ekskavator tishlarining yemirilishini oldindan prognoz qilish orqali texnologik yo‘qotishlar 4 milliard so‘mga kamaygan.
Boshqa metallurgiya kombinatlarida ham sun’iy intellekt va raqamlashtirish orqali uskunalardan foydalanish samaradorligini 20 foizga oshirish, tannarxni 10 foizga, energiya sarfini 15 foizga, texnik xizmat xarajati va texnologik uzilishlarni 20 foizga qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Bekobod kombinatida sun’iy intellekt yordamida lom tarkibidagi nometall buyumlarni aniqlash orqali yiliga 25 milliard so‘m, eritish pechlariga “aqlli” datchiklar o‘rnatish hisobiga esa elektr energiyasidan yiliga 3 million dollar tejash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zA