Sanoat korxonalarida sayyor o‘rganishlar o‘tkazildi
Bosh prokuror o‘rinbosari D.Kasimov, Bosh prokuratura Departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Akbarov hamda ishchi guruh tomonidan Toshkent va Samarqand viloyatlarida joylashgan alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish quvvati, eksport-import imkoniyatlari hamda tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalar atroflicha o‘rganildi.
Unda lizensiya talab va shartlari asosida faoliyatni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish quvvatlari bajarilishi, sohada zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishning samaradorligi bilan yaqindan tanishildi.


Ishlab chiqarish korxonasida aksiz marka olish jarayonida muammolar mavjudligi aniqlanib, joyida bartaraf etildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda sohada 17 ming 585 ta tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat olib bormoqda, bularning 4 tasi tamaki, 6 tasi spirt, 36 tasi alkogol, 25 tasi pivo mahsulotlari ishlab chiqaradi, 427 ta korxona ulgurji, 17 ming 93 ta korxona chakana savdo bilan shug‘ullanadi.


Mazkur tadbirlar tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish hamda ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA