SamDU professori Xitoyning nufuzli TYSP xalqaro dasturi g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekiston ilm-fani vakillarining xalqaro maydondagi yutuqlari tobora ortib bormoqda. Xorijning nufuzli ilmiy dasturlarida erishilayotgan muvaffaqiyatlar mamlakat olimlarining salohiyati va mahalliy ilmiy maktablarning xalqaro e’tirofini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ana shunday muvaffaqiyatlardan biriga Samarqand davlat universiteti Biokimyo instituti professori Xurshid Bozorov erishdi. Olim Xitoy Xalq Respublikasi Fan va texnologiyalar vazirligi (MOST) tomonidan moliyalashtiriladigan nufuzli Talented Young Scientist Program (TYSP) xalqaro dasturi g‘olibi bo‘ldi.
Ushbu tashabbus Xitoyning eng nufuzli ilmiy mobillik va xalqaro hamkorlik dasturlaridan biri bo‘lib, unda iqtidorli xorijlik olimlar mamlakatning yetakchi universitetlari hamda tadqiqot markazlarida ilmiy izlanishlar olib borish uchun saralab olinadi. Ishtirokchilar global ilmiy jamoalar bilan hamkorlik qilish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish va qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
E’tiborlisi, professor Xurshid Bozorov Samarqand davlat universiteti tarixida ushbu nufuzli dasturda g‘olib chiqqan ilk olimga aylandi.
Hamroz Bayonov, O‘zA