Ko‘chatchilik sohasida O‘zbekiston–Turkiya hamkorligi mustahkamlanmoqda
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov Turkiyaning FÜAB (Fidan Üreticileri Alt Birliği) ko‘chatchilik uyushmasi Boshqaruv kengashi raisi Serdar Sendag bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Turkiyada sertifikatlangan ko‘chatchilik tizimini shakllantirish va rivojlantirish tajribasi, uni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlari hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, FÜAB Turkiyada ko‘chatchilik sohasini muvofiqlashtiruvchi yetakchi tashkilot bo‘lib, uning faoliyati natijasida mamlakatda sertifikatlangan ko‘chatlar ishlab chiqarish tizimi yo‘lga qo‘yildi, zamonaviy in-vitro laboratoriyalari hamda virus va fitopatogenlardan xoli onalik bog‘lar tashkil etildi. Bu esa sohaning jadal rivojlanishi, ko‘chatlar sifati va eksport salohiyati oshishiga xizmat qilmoqda.

Tomonlar Turkiya tajribasini mamlakatimizda tatbiq etish orqali sertifikatlangan ko‘chatchilik tizimini takomillashtirish, sohada ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti mamlakatimizdagi yetakchi ko‘chatchilik muassasasi sifatida e’tirof etildi.

Uchrashuv yakunida akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Turkiyaning FÜAB uyushmasi o‘rtasida sertifikatlangan ko‘chatchilik tizimini rivojlantirish, ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA