Samarqandda ochiq muloqot: aeroport xodimlari va yoshlar masalasi – e’tibor markazida
Samarqand xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda yo‘lovchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar, aviatsiya xodimlari va yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Uzbekistan Airports aviakompaniyasi rahbariyati, xususan, kompaniyaning tezkor faoliyat bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari boshchiligida bo‘lib o‘tgan tadbirda shahar aholisi, aeroport xodimlari, tadbirkorlar va aviakompaniya vakillari ishtirok etdi.
Muloqot avvalida qatnashchilar o‘z murojaatlarini bildirish , ish jarayoni va sharoitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan aniq takliflarni kiritdi.
Xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasi muxokamalarning asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Shuningdek, bandlik, ish sharoitlarini yaxshilash, sport infratuzilmasini rivojlantirish, xodimlar va yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishbilarmon doira vakillari ham taqdim etilayotgan xizmatlar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, yo‘lovchilar va mijozlar bilan hamkorlikni yanada samarador, qulay va hammabop qilish zarurligini qayd etdi.
Shu kuni Uzbekistan Airports rahbariyatining yoshlar bilan alohida muloqoti o‘tkazildi.
Unda ishtirokchilar bevosita savol-javob qilib, o‘z g‘oyalari bilan bo‘lishib, kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini muhokama qildi. Aviatsiya sohasida yosh mutaxassislarning istiqbollari, yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surishdagi ishtiroki hamda kasbiy faoliyatni boshlashda duch kelayotgan vaziyatlar yuzasidan fikr almashildi.
Bu kabi uchrashuvlar sohadagi dolzarb muammolarni bevosita xodimlar, tadbirkorlar va yosh mutaxassislar nigohida ko‘rish imkonini beradi.
Shu bois, sayyor qabullar va yoshlar bilan muloqotlar alohida ahamiyatga ega. Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuv rahbariyat va aholi o‘rtasidagi ana shunday hamkorlik uchun keng maydon vazifasini o‘tadi. Bildirilgan taklif va murojaatlar aeroport faoliyatini yanada takomillashtirish uchun xizmat qiladi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA