Farmatsevtika laboratoriyalarida tahlil usullarining ishonchliligini baholash bo‘yicha o‘quv-trening bo‘lib o‘tmoqda
Farmatsevtika mahsulotlari sifatini ta’minlashda laboratoriya tahlillarining aniqligi va ishonchliligi muhim o‘rin tutadi. Shu bois bugun, Tashkent Pharma Park majmuasida farmatsevtika laboratoriyalarida qo‘llaniladigan analitik usullar yaxlitligini baholashga bag‘ishlangan maxsus o‘quv-trening o‘z ishini boshladi.
“Farmatsevtika laboratoriyalarida qo‘llaniladigan analitik usullar yaxlitligini baholash, bunda foydalaniladigan standart namunalarga alohida e’tibor qaratish” mavzusidagi treningda AQSH Farmakopeyasi (USP) vakili Kristian Zeyne ishtirok etib, ishtirokchilarga laboratoriya tahlillarida foydalaniladigan standart namunalar va analitik usullar ishonchliligini baholash bo‘yicha amaliy va nazariy ma’lumotlar bermoqda.

O‘quv jarayonida muayyan analitik usulda qanday standart namunalar qo‘llanilishi, ularning ishonchliligini tasdiqlash uchun qanday qo‘shimcha ma’lumotlar talab etilishi, shuningdek, usullarni verifikatsiya va validatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, standart namunalarning degradatsiyaga uchramaganligini baholash, o‘lchashdagi noaniqlik va kuzatuvchanlik hamda standart namunalarni tavsiflash kabi muhim jihatlarga ham e’tibor qaratilmoqda.
– Mazkur masalalarning amaliy ahamiyati shundaki, laboratoriya tahlilining aniqligi dori vositasining belgilangan sifat talablariga javob berishini baholashda muhim omil hisoblanadi, – dedi Kristian Zeyne. – Analitik usullar yoki ularda qo‘llaniladigan standart namunalar bilan bog‘liq kamchiliklar noto‘g‘ri natijalarga olib kelishi mumkin. Shu sababli bunday jarayonlarni xalqaro yondashuvlar asosida to‘g‘ri baholash dori vositalari sifatini nazorat qilish tizimining muhim tarkibiy qismidir.

Treningda inspeksiya yo‘nalishidagi mutaxassislar, CTD formatidagi hujjatlarni baholovchi ekspertlar hamda milliy nazorat laboratoriyalarining mutaxassis va analitiklari ishtirok etmoqda. Dastur doirasida nazariy mashg‘ulotlar bilan birga ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, amaliy topshiriqlar ustida ishlaydi, natijalarni taqdim etadi va case study asosida muayyan holatlarni muhokama qiladi.
Bugun boshlangan ushbu o‘quv-trening farmatsevtika laboratoriyalarida analitik usullarni baholash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga yanada keng joriy etish, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda dori vositalari sifatini nazorat qilish jarayonlarining ishonchliligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA