Samarqand “M360 Eurasia 2026” xalqaro forumi mezboni
Samarqandda mobil aloqa va telekommunikatsiya sohasida dunyodagi eng yirik xalqaro tashkilotlardan biri bo‘lgan GSMAning “M360 Eurasia 2026” xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Beeline Uzbekistan” va “VEON Group” kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Yevrosiyo mintaqasidagi telekommunikatsiya, IT va raqamli texnologiyalar sohasining yetakchi vakillari, xalqaro ekspertlar, investorlar hamda davlat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida GSMA mas’ul rahbarlari, telekommunikatsiya operatorlari va mamlakatimiz vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekistonda ikkinchi marta o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro tadbirdan ko‘zlangan maqsad va uning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Xususan, O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov davlatimiz rahbarining alohida e’tibori natijasida bugungi kunda O‘zbekistonda IT va raqamli texnologiyalar sohasi eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biriga aylanganini ta’kidladi.
– Avvallari biz xorijda o‘tkaziladigan bunday nufuzli tadbirlarda ishtirok etish va unda O‘zbekistonda IT sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berishga intilardik, – dedi Sherzod Shermatov. – Bugun esa soha bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, yirik kompaniyalar mamlakatimizga intilmoqda va zamonaviy axborot texnologiyalari, raqamli texnologiyalar bo‘yicha erishayotgan natijalarimizga bevosita guvoh bo‘lib, hamkorlikda ishlashni taklif qilmoqda. “M360 Eurasia 2025” forumi o‘tgan yil ilk bor Toshkent shahrida o‘tkazilib, unda 60 davlatdan 1000 dan ortiq mutaxassis va soha vakillari qatnashgan edi. Nufuzli anjuman uchun bu yil ham O‘zbekiston, qadimiy Ipak yo‘lidagi Samarqand tanlanganining o‘zi ko‘p narsani anglatadi. Muhimi, bu yilgi forumda ishtirokchilar soni ko‘paygan, yuqori darajadagi mehmonlar, xalqaro ekspertlar kelgan. Ayni paytda O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasining jadal o‘sishi bo‘yicha MDH mamlakatlari orasida yetakchilardan biri, mintaqadagi yirik IT-habga aylanib bormoqda. Yurtimizda ilk bor mustaqil regulyator tashkil etildi, operatorlar soni ko‘payib, xizmat ko‘rsatish sifati oshmoqda. Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlar reytingida har yili bir necha pog‘ona yuqoriga chiqyapmiz. Yoshlarimiz har oyda o‘rtacha 70 dan ortiq kompaniyaga autsorsing asosida xizmat ko‘rsatyapti. Startaplar bo‘yicha O‘zbekiston “Yil davlati” deb tan olindi. Davlat boshqaruvini raqamlashtirish, sun’iy intellektdan foydalanish ko‘rsatkichlari ham yil sayin oshib bormoqda. Bularning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan zamonaviy IT va raqamli texnologiyalar sohasida jadal olib borilayotgan islohotlar natijasidir.
GSMAning tartibga solish bo‘yicha bosh direktori Jon Jiusti O‘zbekistonda davlat boshqaruvini raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanilayotgani, barcha soha va tarmoqlarda raqamli texnologiyalar joriy etilayotganini yuqori baholadi. Bu esa mamlakatning IT sohasida mintaqada yetakchilikni o‘z qo‘liga olishiga kuchli omil bo‘lmoqda.
[gallery-29524]
– O‘zbekistonda ketma-ket ikkinchi marta ushbu forumni o‘tkazyapmiz, – deydi GSMAning strategik hamkorlik bo‘yicha direktori Tohir Ismailov. – Bunga albatta, mamlakatda barcha sohalar, jumladan, raqamli texnologiyalar sohasi jadal taraqqiy etayotgani asos bo‘lmoqda. Bugun va ertaga yirik aloqa operatorlari, xorijiy va milliy kompaniyalar vakillari bilan boshqaruvda va turli sohalarda raqamlashtirish jarayonlari, sun’iy intellektdan foydalanish masalalarini muhokama qilmoqchimiz. Bu borada O‘zbekistonda to‘plangan tajriba va kelgusidagi rejalar bilan tanishamiz, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashamiz.
Ikki kun davom etadigan forumda sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma va aloqa sohasidagi zamonaviy yondashuvlar hamda tartibga solish siyosatlari, telekommunikatsiya, innovatsion texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot va investitsion hamkorlik yo‘nalishlaridagi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar, boshqaruv idoralari va aloqa operatorlari rahbarlari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari