“Salomatlik sari” – inson qadriga e’tibor ifodasi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi aholi manfaatlarini ta’minlash, ularning dardu tashvishlarini o‘rganish va joylarda aniq yechimlar topishga qaratilgan amaliy tashabbuslari bilan ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu dastur doirasida hayotga tatbiq etilayotgan “Salomatlik sari” loyihasi esa, eng avvalo, inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va tibbiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan alohida e’tiborga molik.
Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida G‘ozg‘on shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida “Salomatlik sari” aksiyasi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir O‘zLiDePning mahalliy Kengashi hamda hamkor tashkilotlar, jumladan, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Navoiy viloyati hududiy filiali bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Aksiya doirasida 500 nafardan ortiq fuqarolar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etilib, ularga malakali mutaxassislar tomonidan yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatildi.
Jumladan, terapevt, kardiolog, endokrinolog, nevropatolog, ginekolog, stomatolog, oftalmolog kabi turli yo‘nalishdagi shifokorlar fuqarolarni batafsil tekshiruvdan o‘tkazib, ularning salomatligi bo‘yicha zarur tavsiya va maslahatlar berdi. Ayniqsa, qon bosimi, qand miqdori, yurak faoliyati kabi muhim ko‘rsatkichlarni aniqlashga qaratilgan tezkor tekshiruvlar aholi uchun juda manfaatli bo‘ldi.

– Aksiya doirasida aholining tibbiy savodxonligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari ham olib borildi, – deydi partiya viloyat Kengashi mas’ul xodimi Qunduzxon Eshqorayeva. – Xususan, partiyaning Ayollar qanoti tashabbusi bilan “Sog‘lom turmush tarzi”, “Qarindoshga quda bo‘lmang”, “Qiz bola guldek nozik”, “Erta nikohning salbiy oqibatlari” kabi dolzarb mavzularda ma’ruza va muloqotlar tashkil etildi. Bu kabi uchrashuvlar orqali nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy masalalar bo‘yicha ham aholining xabardorligi oshirildi. Shifokorlar tomonidan fuqarolarga to‘g‘ri ovqatlanish, kundalik jismoniy faollikni oshirish, stressni kamaytirish, zararli odatlardan voz kechish kabi sog‘lom hayot tarziga oid muhim tavsiyalar berildi.

Tadbirning yana bir ahamiyatli jihati ehtiyojmand aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bo‘ldi. Aniqlangan kasallik turlariga qarab bepul turli xil dori-darmonlar tarqatildi.
Bu kabi xayriya va tibbiy aksiyalar nafaqat aholining salomatligini mustahkamlashga, balki ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Eng muhimi, odamlarda o‘z salomatligiga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytirish, kasalliklarning oldini olish madaniyatini shakllantirishga zamin yaratmoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA